To‘yda zaharlanganlar ahvoli bo‘yicha to‘liq ma’lumot berildi
Jomboy tumanida yashovchi 19 nafar shaxs to‘y bazmida ovqatdan zaharlanib, tibbiyot birlashmalariga murojaat qilganligi haqida xabar bergan edik.
Ushbu holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologiya xizmati to‘liq ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, zaharlanish shu yilning 26 may kuni Samarqand shahar, Farhod qo‘rg‘onida joylashgan MChJga qarashli “Yakkasaroy” to‘yxonasida o‘tkazilgan sunnat to‘yi tadbirida qatnashganlarda kuzatilgan. 28, 29, 30 may kunlari jami 19 nafar fuqaro “Ovqatdan zaharlanish” tashxisi bilan shifoxonalarga yotqizilgan.
Jumladan, Jomboy tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo‘limiga Jomboy tumani Olmazor mahallasida yashovchi 11 kishi, Bulung‘ur tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo‘limiga Yangiobod mahallasida yashovchi 3 kishi, Jomboy tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasiga qarashli “Zarafshon” QVPga Olmazor mahallasida yashovchi 5 kishi murojaat qilgan.
Dastlabki epidemiologik tekshiruv va surishtiruvlar natijasiga ko‘ra, barcha bemorlarda 27 may kuni ertalabdan ko‘ngil aynish, qayt qilish, qorin sohasida og‘riq, ich ketish va tana haroratining ko‘tarilishi kabi bir xil klinik belgilar kuzatilgan.
Zaharlanish sabablarini o‘rganish borasida bemorlar va to‘y tadbiriga qatnashganlar bilan o‘tkazilgan so‘rov-surishtiruvlarda fuqarolar o‘z kasalliklari boshlanishini Farhod qo‘rg‘onida o‘tkazilgan to‘y tadbirida iste’mol qilingan go‘shtli assorti mahsulotlari bilan bog‘liqligi aniqlangan.
Shifoxonada bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Oshqozoni yuvilgan, tozalovchi huqna qilingan va bemorlardan olingan biomaterial namunalari laboratoriya tahlili uchun Jomboy va Bulung‘ur tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlarining bakteriologiya laboratoriyalariga yuborilgan. Bemorlarda dezintoksikatsion hamda simptomatik davo muolajalari o‘tkazilgan.
To‘y tadbirida jami 350 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etgan. Qatnashganlarni aniqlash borasida o‘tkazilgan uyma-uy ko‘rik va surishtiruvlarda Jomboy tuman Olmazor qishlog‘ida yashovchi 165 nafar fuqaro, Bulung‘ur tuman Changal qishlog‘ida yashovchi 30 nafar fuqaro va Jizzax shahri “Saroyli” MFY hududida yashovchi 7 nafar fuqaro to‘y tadbirida qatnashgani aniqlangan.
Jizzax viloyatidan kelgan fuqarolar to‘g‘risida Jizzax viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasiga xabar qilingan va ular tomonidan o‘rganilganda 7 nafar fuqaroda kasallik belgilari aniqlanmagan.
Bugungi kunda kasalxonadagi barcha bemorlarning holati ijobiy tarafga o‘zgargan. Davolash muolajalari muvaffaqiyatli yakunlanib, barcha bemorlar uyiga javob berilgan va ularning sog‘ligi kuzatuvga olingan.
Shuningdek, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.