To‘ylarni 30 kishi bilan o‘tkazish talabini karantindan keyin ham qoldirish taklif qilindi
«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portalida to‘y marosimlarini 30 kishilik tartibda o‘tkazilishini doimiy saqlab qolish haqida petitsiya joylashtirildi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda «yashil» hududlarda 30 kishilik to‘ylarni o‘tkazishga ruxsat berilganini guvohi bo‘lmoqdamiz. Ko‘pchilik to‘ylardagi bunday chegara karantindan keyin ham saqlanib qolishini xohlamoqda.
Shu sababli, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining "To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi Qo‘shma qarorida belgilangan to‘ylarga 200 kishidan ortiq mehmon chaqirmaslik haqidagi qoidani "30 kishilik" deb o‘zgartirishni taklif qilaman.
To‘y taraddudida yurganlarning ko‘pchiligi shu kunlarda tezroq to‘yini o‘tkazishga shoshilayotgani sir emas. Yoshlar ham bunga qarshilik qilayotgani yo‘q. To‘ylarni ixcham, dabdababozlik va isrofgarchiliklarsiz o‘tkazishni hamma xohlaydi. Ammo, biror qonun yoki qaror bilan tasdiqlanmasa, 200 kishiga to‘y qilinaveradi. 200 kishilik to‘ylarga ketadigan sarf-xarajat 500-600 kishilik to‘ylarnikiga teng bo‘lib qoladi. To‘y qilaman deb qarzga botib, ertasi kuni kuyov bola yoki uning otasining xorijga ketayotganlik holatlari ham kam emas.
Hatto, buning ortidan jiddiy kasalliklar orttirib olinayotgan holatlar ham mavjud. Abdulla Avloniyning yuz yil oldin yozib qoldirgan "O‘zbek xalqini to‘y balosidan qutqaring" degan so‘zlari bugungi kunimiz uchun ham ayni haqiqatdir. To‘y qilish, buni ko‘pchilikka ma’lum qilish yaxshi, lekin bu oilaning kelajagiga yomon ta’sir o‘tkazadi.
Shu to‘yga atalgan pullarga yoshlarni uy-joy bilan ta’minlashga, oilasining moliyaviy ahvolini yaxshilashga, ta’lim olishiga sharoit yaratib bersak, qanchalik baxtiyor oilani tuzgan bo‘lamiz. Qanchadan-qancha oilalar iqtisodiy ahvoli tufayli hozir to‘y qila olmayapti. Menimcha, 30 kishilik to‘yni doimiy qilish vaqti keldi”, deyiladi petitsiyada.