Toyloq tumanida bog‘cha xodimlarining 114 million so‘m ish haqlari undiriladigan bo‘ldi
Adliya xodimlari tomonidan tumandagi 21 davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 10 nafar ishchisiga 1 yillik ish haqi to‘lab berilmagani aniqlangan.
Bu haqda tuman adliya bo‘limi xodimi Munis Usmonov xabar bermoqda. Unga ko‘ra, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi 10 nafar ishchi xodimlarga 2020 yilning yanvar oyidan dekabr oyigacha bog‘chada ta’mirlash ishlari olib borilganli vaji bilan 114 174 858 so‘mlik ish haqini to‘lamagan.
Vaholanki, o‘sha paytda amalda bo‘lgan eski tahrirdagi Mehnat kodeksining 154-moddasidaga ko‘ra, ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’i nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq to‘lashi shart. Mazkur tartib amaldadagi Mehnat kodeksining 244-moddasida ham o‘z ifodasini topgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga nisbatan ushbu bog‘chaning 10 nafar xodimlari qonuniy manfaatlarini ko‘zlab, ish haqlarini undirish yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudiga da’vo arizalari kiritildi. Da’volar sud tomonidan to‘liq qanoatlantirildi.