Toyloq tumanida hindistonlik o‘qituvchi dars beryapti

Bugun ba’zi qishloq maktablarida xorijlik o‘qituvchilar dars beryapti. Ulardan biri hindistonlik Sunita Boshpa. U Toyloq tumanidagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilarga ingliz tilidan dars berib kelmoqda.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan press-turda hindistonlik o‘qituvchi bilan suhbatlashdik.

- Men 2023 yilning oktyabr oyida ushbu maktabga shartnoma asosida kelib, ish boshladim, - dedi Sunita Boshpa. – Hokimlik tomonidan menga maktabga yaqin joydan hamma shart-sharoitlarga ega turar joy ajratildi. Toyloqlik o‘quvchilarda bilim olishga ishtiyoq kuchli ekan, ular bilan tezda til topishib ketdim. Menga maktab darsliklari Kembrij universiteti dasturlari asosida mukammal yaratilgani ma’qul bo‘ldi. Hindistonda maktablarda hamma fanlar ingliz tilida olib boriladi, lekin bizda bunday sifatli darsliklar yo‘q. Men bu yerga bir yillik shartnoma asosida kelgan bo‘lsam-da, yana O‘zbekistonga kelib, bolalarga dars berishni istayapman. O‘quvchilarimning oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishlarini ko‘rishni xohlayman.

Hindistonlik o‘qituvchi darsda o‘quvchilari bilan ingliz tilida erkin muloqot qildi. O‘quvchilarning deyarli hammasi o‘qituvchining savollariga ingliz tilida to‘liq javob qaytardi.

- Men ingliz tilini yoshligimdan yaxshi ko‘rib, o‘rganib kelmoqdaman, - dedi 9-sinf o‘quvchisi Sabina Rustamova. – O‘qituvchim Sunita maktabimizga kelganidan beri ingliz tilida ancha yaxshi gapiryapman. Hozirda ingliz tilini S1 darajasida bilaman. Yaqinda IELTS - chet tilini bilish sertifikati uchun imtihon topshiraman. Sinfimizda men kabi ingliz tilida bemalol so‘zlasha oladigan o‘quvchilar ko‘p.

O‘tgan yili viloyatimizga 13 nafar xorijlik o‘qituvchi kelgan bo‘lsa, bu yil 20 nafar chet ellik muallim maktablarimizda dars beryapti, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mutaxassisi Nargiza Usmonova. – Ularga tuman, shahar hokimliklari tomonidan turar joy ajratib berilgan. Xorijlik o‘qituvchilarning 16 nafari rossiyalik, 3 nafari fransiyalik va 1 nafari hindistonlik o‘qituvchidir. Kelasi o‘quv yiliga yanada ko‘proq xorijlik o‘qituvchilarni jalb qilishni rejalashtirganmiz.

Press-tur davomida jurnalistlar Samarqand shahridagi 109-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bilan ham tanishdi.

- Bolalar bog‘chasi 2023 yilda Investitsiya dasturi asosida qayta qurildi, - dedi 109-DMTT direktori Sevara Qoraboyeva. – Hozirgi kunda bolalar bog‘chasi 120 o‘ringa ega bo‘lib, unda ingliz tili, gimnastika to‘garaklari mavjud.

Barcha shart-sharoitlarga ega maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlar she’r aytish, raqsga tushishdan tashqari, yo‘l harakati qoidalarini bilishi, tabiatni asrashni o‘rganayotganini mashg‘ulotlar orqali ko‘rsatishdi.

Xurshida ERNAZAROVA.