Toyloqda 200 ta eski simyog‘och yangisiga almashtirilyapti. Qolgan loyihalar bajarilishi qay ahvolda?
Tumanda mahalla infratuzilmasini rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, 10,2 milliard so‘mlik 15 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Bu loyihalar sifatli bajarilyaptimi?
Biz shu savolga javob topish maqsadida Toyloqda bo‘ldik.
- Ayni paytgacha rejada ko‘zda tutilgan Bog‘ichinor mahallasida 2,8 kilometr tarmoq tortish ishlari to‘liq bajarilgan bo‘lib, Galabotir, Qo‘shchinor, Vorsin, Navbahor mahalalaridagi qishloqlarda 4 ta yangi suv inshootlari qurish va 13,8 kilometr tarmoq tortish ishlari yakuniga yetkazilmoqda, - deydi «Samarqand suv ta’minoti» MChJ tuman filiali bosh muhandisi Siroj Yo‘ldoshev. - Shuningdek, Ukrach, Xonchorbog‘ mahallalarida 2 ta suv inshootini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Mazkur hududlarda 4,4 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortish ishlari bajarilmoqda. Shuningdek, mazkur qaror asosida Bog‘izog‘on, Beklar mahallalarida 2 ta suv inshooti mukammal ta’mirlanib, 8,9 kilometr tarmoq tortish ishlari amalga oshirilyapti.
Hozirgacha ichimlik suv tarmoqlari o‘tkazilgan xonadonlarda suv hisoblagichlar ham o‘rnatildi. Dastur asosida mazkur qurilish-ta’mirlash ishlariga 6,96 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Manzilli dasturga asosan tuman hududida 4 ta ob’yektdagi 5,3 kilometr yo‘lni asfaltlash ishlari ko‘zda tutilgan bo‘lib, buning uchun 2,78 milliard so‘m ajratilmoqda. O‘tgan besh oy davomida toyloqlik yo‘lsozlar tomonidan Xo‘jayuz mahallasidagi qabristonga boradigan 900 metr, Charog‘bon mahallasidagi A.Dehotiy, Hamid Olimjon, Bunyodkor ko‘chalaridagi 2 kilometrlik yo‘l to‘liq asfalt qilindi. O‘rtaqishloq qishlog‘ida 1,1 kilometr va Guloboddagi 1 kilometrlik yo‘l asfaltlandi.
Tumandagi Bunyodkor mahallasining 3 ta qishlog‘ida va Nurafshon mahallasining bir qator qishloqlarida bugungi kunda yaroqsiz holatdagi simyog‘ochlarni 200 ta yangi temir-beton ustunlarga almashtirish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, Bog‘ichinor mahallasida 64 ta temir-beton ustun o‘rnatilib, 160 quvvatga ega yangi transformator qo‘yildi. 2,7 kilometr yopiq kabellar tortish ishlari olib borilmoqda.
- Elektr ta’minotidagi uzilishlar qator yillardan buyon hammamizning asabimizga tegib kelardi, - deydi mazkur mahallada yashovchi Said Shodiyev. – Uzilishlarga nafaqat simyog‘ochlarning eskirib ketganligi yoki transformatorning quvvati yetmay qolganligi, balki yildan-yilga aholi xonadonlarini ko‘payib borayotganligi ham sabab bo‘layotgan edi. Bir necha bor yuqori tashkilotlarga murojaat qildik. Nihoyat, o‘zgarishlar boshlanib, elektr ta’minoti ham izga tusha boshladi.
Biroq, tumanda dasturda belgilangan barcha ishlar to‘liq amalga oshirilmayotganini ko‘rish mumkin. Jumladan, asfalt qilingan yo‘l yoqalarida beton ariqlar o‘rnatilmagan. Ichimlik suvi o‘tkazilgan hududlarda kovlangan asfalt yo‘llar qayta ta’mirlanmagan.
- Manzilli dastur tuzishda tuman bo‘yicha 250 ta loyiha kiritish taklif qilingan edi, - deydi tuman hokimligi bosh mutaxassisi Xurshid To‘xtayev. – Biroq muammolari ko‘p bo‘lgan mahallalar uchun o‘ta muhim bo‘lgan 15 ta yirik loyiha qabul qilingandi. Hozirda belgilangan barcha ob’yektlarda bajarilgan qurilish-ta’mirlash ishlari 85-90 foizni tashkil etyapti. Ko‘zda tutilgan muddatda amalga oshirish uchun hali vaqt bo‘lsa-da, kamchiliklarni joriy yilning aprel oyida tugatishga qaror qilganmiz.
Toyloqda aholiga qulay sharoitlar yaratish maqsadida olib borilayotgan ishlar mutasaddilar oldida turgan asosiy vazifa hisoblanadi. Buning uchun ko‘p ter to‘kish lozim.
Dilmurod TO‘XTAYeV.