Toyloqda shakar ishlab chiqarish korxonasi tashkil etiladi

Viloyat hokimligi huzuridagi Tadbirkorlar maslahat jamoatchilik kengashining navbatdagi sayyor yig‘ilishi Toyloq tumanida o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ishtirok etdi va tumandagi yirik korxona - “Siyob Group” ko‘p tarmoqli xolding kompaniyasidagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, korxonada 80 turdan ortiq sut va sut mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bugungi kunda korxona mahsulotlari dunyoning o‘ndan ortiq davlatiga eksport qilinmoqda. Bu yerda nafaqat toyloqlik mahalliy aholi, balki viloyatimizning turli hududlaridan kelgan ishchi-xizmatchilar ishlamoqda.
Korxona bilan tanishuvdan so‘ng Tadbirkorlar maslahat jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi boshlandi.
Tadbir avvalida “Siyob Group” ko‘p tarmoqli xolding kompaniyasi mas’ullari qand lavlagidan shakar ishlab chiqarish loyihasini taqdim etdi. Ta’kidlanishicha, 100 tonna lavlagi xomashyosidan 15 tonna sifatli shakar olish mumkin. Agar korxona tashkil etilsa, viloyat iqtisodiyotiga katta daromad kelishi, eksport salohiyati ortishi, 100 dan ziyod ish o‘rni yaratilishi mumkin.
Tadbirkorlar kengashida Toyloq tumani hokimi B.Bobonazarov hududning investitsiyaviy imkoniyatlari, kelgusi yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, start-ap va ijtimoiy loyihalar taqdimotlari o‘tkazildi.
Kengash a’zolari ushbu takliflardan kelib chiqib o‘z fikrlarini bildirdilar.