Toyloqdagi o‘zboshimchalik bilan daraxt kesish holati o‘rganildi va fuqaroga nisbatan jarima qo‘llanildi

2020 yil 14 yanvar kuni fuqaro Tangirov G‘aybulloning Zarnews saytiga qilgan murojaati yuzasidan 2020 yil 12 yanvar kuni Toyloq tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi Sh.Azzamov tomonidan holatlar joyiga borib o‘rganilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, holat Toyloq tumani Xo‘ja yuz mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan bir tup chinor daraxti kesilishi holati bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘ini  raisi A.Siddiqov, tuman IIB profilaktika inspektori J.Rahmatullayevlar ishtirokida o‘rganilganda, haqiqatdan ham Xo‘ja yuz qishloq patranaj punktining hududida o‘sib turgan 1 (bir) tup, diametri 76 santimetr bo‘lgan chinor daraxtini ushbu mahallada yashovchi fuqaro Farrux Xudoyberdiyev tomonidan ruxsatsiz, noqonuniy ravishda kesilgan.

Ushbu holat yuzasidan F.Xudoyberdiyevga nisbatan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasi hamda “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasi 1-qismi  hamda  49- va 51-moddalari talabini buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ma’muriy qaror chiqarildi va 1115000 (bir million bir yuz o‘n besh) ming so‘m jarima qo‘llanildi. Tabiatga yetkazilgan 45 715 000 (qirq besh million yetti yuz o‘n besh ming) so‘m zarar hisoblanib, fuqaro F.Xudoyberdiyev qo‘llanilgan jarimani 15 kun muddat ichida ixtiyoriy ravishda to‘lamasa, majburiy tartibda undirish uchun hujjatlar MIB tuman bo‘limiga yuboriladi.

Aniqlangan 45 715 000 (qirq besh million yetti yuz o‘n besh) ming so‘m zarar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar tegishliligi bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudiga taqdim qilinadi.

Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati.