Toyloqliklar bog‘ va tok qator oralaridan qanday foydalanyapti?
Toyloq tumanida jami 598 ta fermer xo‘jaligi 12 ming 299 gektar maydonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirib kelyapti.
Mazkur fermer xo‘jaliklari tasarrufida 2618 gektar tokzor, 881 gektar bog‘, 465 gektar tutzor mavjud. Yaqinda ekilgan daraxt va tok ko‘chatlari o‘sib, to‘liq hosilga kirib, soya solgunga qadar qator oralarida dehqonlar turli xil poliz va sabzavot mahsulotlarini yetishtirib, mo‘may daromad topyapti.
Xususan, tumandagi “Ermatov Suyunboy Boboqulovich” fermer xo‘jaligi a’zolari bog‘ qator oralariga ekin ekib, uch martagacha hosil olib, yerdan samarali foydalanib kelyapti.
– Tasarrufimizdagi 30 gektar yerning 15 gektarida bog‘ yaratilgan, – deydi fermer xo‘jaligi raisi Suyunboy Ermatov. – Uning 2,5 gektari yangi bog‘. Daraxtlar hali kichik bo‘lgani uchun qator orasida birinchi ekin – kartoshka yetishtirdik. Endilikda ikkinchi ekin sifatida loviya, karam, piyoz, bulg‘or qalampiri, sholg‘om, sabzi parvarishlayapmiz. Keyin esa kech kuzda to‘qsonbosti usulida sarimsoqpiyoz, piyoz va boshqa ekinlar ekishni rejalashtirganmiz. Har bir qator 10 sotixni tashkil etadi. Har qatordan o‘rtacha 5-6 million so‘mlik hosil olib, yiliga 100 million so‘mga yaqin daromad topyapmiz.
Hozirgi kunda tumanda avgust, sentyabr oylarida 2025 yil hosili uchun jami 1283 gektar bog‘ va tok qator oralariga to‘qsonbosti ekin sifatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari urug‘ini qadash rejalashtirilgan. Shundan, 537 gektarida piyoz, 50 gektar maydonda sarimsoqpiyoz yetishtirilsa, 288 gektarida sabzi, 124 gektar maydonda lavlagi shuningdek, 284 gektar yerda ko‘katlar ekish rejalashtirilgan.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV,
Sevinch G‘AFFOROVA.