"Toza hudud" DUK Kattaqo‘rg‘on tumani filiali binosi foydalanishga topshirildi

Kattaqo‘rg‘on tumani Mullako‘rpa mahallasi, Chim qishlog‘ida "Toza hudud" davlat unitar korxonasi tuman filialining ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda tuman hokimi A’zamxon Bahromov va viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Davron Ochilov ishtirok etdi.

"Toza hudud" DUK Kattaqo‘rg‘on tumani filialida hozirgi kunda 60 ta ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda. Filialda 15 ta texnika mavjud bo‘lib, ular tumandagi 62 ta mahallaning 34 tasini qamrab olgan. 2020 yil 1 yanvardan boshlab korxona yana 10 ta mahallaga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan.

Korxonaning ushbu yangi ma’muriy binosida avtomobillar uchun turargoh, ishchi-xizmatchilarning yuvinish xonasi, ayvon, texnik ko‘rikdan o‘tish xonalari joy egallagan. Qurilish ishlariga O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mahalliy jamg‘armasi hisobidan 830 million so‘m mablag‘ sarflandi.

Bunyodkorlik ishlari "Uchkun Akmalovich" MChJ quruvchilari tomonidan amalga oshirildi.

Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati.