Tramp Kanada “qo‘shib olingan” AQSh xaritasini e’lon qildi. Ukrainaga AQShdan oxirgi yordam paketi beriladi. Germaniyada noma’lum shaxs mashinasozlik kompaniyasi binosiga o‘t ochdi

🔹 Los-Anjelesda avj olayotgan yong‘in 1180 gektardan ortiq maydonni qamrab oldi, uylar vayron, 30 ming aholi evakuatsiyaga majbur. Bu yerda AQSh vitse-prezidenti Kamala Xarrisning qarorgohi, aktyorlar Ben Afflek va Tom Xenks, qo‘shiqchi Rihanna va boshqa amerikalik yulduzlarning uylari joylashgan.

🔹 "Oh, Kanada!". Aynan shunday tagxatni Donald Tramp Kanada qo‘shilgan Qo‘shma shtatlar xaritasiga yozdi va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi. Avval u ijtimoiy tarmoqda Kanada hududini AQSh bayrog‘i ostida chop etgan edi. Shuningdek Tramp, Daniya hukumati "erkin dunyoni" himoya qilish uchun Grenlandiyani Qo‘shma Shtatlarga berishi kerak, degan murojaat bilan chiqdi. Uning ta’kidlashicha, orolda bor-yo‘g‘i 45 mingga yaqin odam istiqomat qiladi va ular "Daniyaning unga qonuniy huquqi bor-yo‘qligini bilmaydi". Boz ustiga AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp “Meksika ko‘rfazi” nomini “Amerika ko‘rfazi”ga o‘zgartirish, Panama kanalini AQSh nazoratiga qaytarish niyatida.

🔹 Ilon Mask aqldan ozgan va Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun xavfli, deydi uning biografi Set Abramson. Uning fikricha, biznesmenning ruhiy beqarorligi va Trampga ta’siri tufayli, ketayotgan ma’muriyat ikki hafta ichida "favqulodda choralar ko‘rishi" kerak. Avvalroq Bloomberg nashri Ilon Mask AQShning “Katta yettilik”dagi asosiy ittifoqchilari bilan munosabatlarini izdan chiqarayotganini yozgandi.

🔹 Jo Baydenning ketayotgan ma’muriyati 9 yanvar kuni Ukrainaga oxirgi harbiy yordam paketini e’lon qiladi. Rasmiy e’lon AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinning Germaniyaga tashrifi chog‘ida bo‘ladi. Ta’kidlanishicha, u ancha "salmoqli" bo‘ladi, ammo AQSh Kongressi Ukrainaga ajratish uchun ma’qullagan to‘rt milliard dollarning hammasini o‘z ichiga olmaydi.

🔹 2024 yilda Rossiyadan 80 mingdan ortiq muhojir chiqarib yuborilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan deyarli ikki baravar ko‘p. Hukumatning muhojirlarga qarshi faol choralar ko‘rishi mart oyida "Krokus Siti Xoll"dagi teraktdan so‘ng boshlandi.

🔹 Germaniya Bad-Fridrixshall shahrida noma’lum shaxs mashinasozlik kompaniyasi binosiga o‘t ochdi, natijada ikki kishi halok bo‘lgan, bir kishi og‘ir yaralangan. Hujumchi qochishga muvaffaq bo‘lgan. Bad Fridrixshallda 20 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.