Tramp Oq uyda Netanyaxu bilan uchrashdi va G‘azo bo‘yicha reja taqdim etdi

Kecha, 29 sentyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni qabul qildi. Bu 2025 yil yanvar oyida prezidentlikka kirishganidan beri Isroil rahbarining Vashingtonga to‘rtinchi tashrifi bo‘ldi.
Tramp Netanyaxuni kutib olar ekan, yaqin vaqtda tinchlikka erishish imkoniyatidan «ishonchli» ekanini ta’kidladi. Vashington bundan oldin qator arab davlatlariga 21 banddan iborat rejani taqdim etgan edi. AQSh rahbari muzokaralarda Isroil bosh vazirini mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga undadi.
Rejaga ko‘ra, G‘azoda o‘t ochish to‘xtatiladi, barcha garovdagilar ozod qilinadi va bosqichma-bosqich Isroil qo‘shinlari anklavdan chiqariladi. Hududni arab va musulmon mamlakatlari ishtirokidagi barqarorlashtiruvchi kuchlar nazorat qiladi. HAMAS esa siyosiy jarayondan chetlatilishi lozim. Shu bilan birga, aholini majburiy ko‘chirish rejasi nazarda tutilmagan.
Shuningdek, Tramp rejasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Isroil G‘azoni bosib olmaydi va anneksiya qilmaydi
✹ G‘azo «terrorizmdan xoli, qo‘shnilarga tahdid solmaydigan hudud» sifatida belgilanadi.
✹ Isroil ushbu kelishuvni ochiq qabul qilganidan so‘ng 72 soat ichida barcha garovdagilar — tirik va halok bo‘lganlar — qaytariladi.
✹ Barcha garovdagilar ozod qilingach, Isroil umrbod jazo olgan 250 mahbusni va 2023 yil 7 oktyabridan keyin qo‘lga olingan 1700 falastinlikni ozod qiladi.
✹ AQSh Isroil va falastinliklar o‘rtasida siyosiy yechimga erishish, tinch va farovon hamjihatlikka erishish maqsadida muloqotni yo‘lga qo‘yadi.
✹ Agar tomonlar ushbu taklifni qabul qilsa, urush darhol to‘xtaydi.
Tramp matbuot anjumanida Netanyaxu rejani qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. HAMAS esa o‘z bayonotida AQSh taklifini rasman olmaganini va shartlariga rozi emasligini ma’lum qildi. Harakat vakili Taar A-Nunu Al-Araby nashriga bergan intervyusida ularning yagona maqsadi urushni to‘xtatish va mahbuslarni ozod qilish ekanini aytdi.
Uchrashuv davomida Netanyaxu Qatar amiri Tamim ibn Hamad Oli Taniy bilan telefon orqali suhbatlashdi. Isroil rahbari 9 sentyabrda Qatar hududiga berilgan zarba va uning oqibatida halok bo‘lgan qatarlik xavfsizlik ofitseri uchun uzr so‘radi. Emir muzokaralarda vositachilikni davom ettirishi kutilmoqda.
O‘tgan hafta BMT Bosh Assambleyasida Fransiya, Buyuk Britaniya va Kanada Falastin davlatini tan olishini e’lon qildi. AQSh esa bu qarorni qo‘llab-quvvatlamadi.