Tramp Oydagi fazoviy zaxiralarga egalik qilish huquqini beruvchi buyruqqa imzo chekdi

Donald Tramp Amerika fuqarolariga Oydagi fazoviy zaxiralarga egalik qilish huquqini beruvchi buyruqqa imzo chekdi. Xususan, Oy zaxiralarini tijorat maqsadida o‘zlashtirish ham nazarda tutilgan.

Oq uy matbuot xizmati AQSh davlatlar tomonidan Yer yo‘ldoshi va boshqa fazoviy jismlardagi faoliyati to‘g‘risidagi bitimni tan olmasligini ma’lum qildi. Hujjatda Oyda o‘tkaziladigan tadqiqotlar va u yerdagi zaxiralar butun insoniyatga tegishli ekanligi qayd etilgan.

Trampning buyrug‘ida fazo yuridik va jismoniy jihatdan insoniyatning faoliyat olib borishi uchun “noyob makon” hisoblanishi va AQSh uni “umumiy mulk” sifatida ko‘rmasligi ta’kidlangan.

Endilikda AQSh Davlat departamenti rahbari mazkur yo‘nalishda xalqaro rozilikka erishishi zarur. Xususan, Oy va boshqa fazoviy jismlarda xususiy kompaniyalar tomonidan tadqiqotlar olib borilishi uchun dunyo miqyosidagi muzokaralar olib borishi va bitimlarga erishishi zarur. Bu ishlarni amalga oshirish uchun uning olti oy muhlati bor.