Tramp yadro qurollarini qisqartirish haqidagi shartnomalarga Xitoyni ham qo‘shishni mo‘ljallayapti
AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni kechki payt Fox. news telekanaliga bergan intervyusida AQShning yadro qurolidan tezroq qutilishi lozimligi haqida gapirdi.
Bu haqda TASS xabar berayapti.
Trampning fikricha nafaqat AQSh, balki Rossiya, shuningdek Xitoy ham o‘z yadro qurollaridan voz kechishi kerak. Ana shunda dunyo global xavfdan qutiladi.
Telekanal boshlovchisining savollariga javob berar ekan, u jumladan shunday degan:
"Bugun Rossiya rahbari Vladimir Putinning Shimoliy Koreya rahbariga AQSh va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi muammoli masalalarni hal qilishda yordam berishi mumkinligini aytganini ko‘rdim. Muammoli masala bu yadro qurollari. Undan esa nafaqat Shimoliy Koreya, balki Rossiya ham, Xitoy ham, AQSh ham voz kechishlari kerak. Ana shunda muammoli masalaning o‘zi qolmaydi".
Oldinroq CNN telekanali Tramp Rossiya va Xitoy bilan yadro qurollarini qisqartirish haqida shartnoma loyihasini tayyorlashni boshlash haqida topshiriq bergani haqida xabar tarqatgan edi.
AQSh va Rossiya o‘rtasidagi yadro qurollarini qisqartirish haqidagi oxirgi shartnoma 2010 yilda, 10 yil muddatga mo‘ljallab imzolangan edi. Uning muddati 2021 yilda tugaydi. Tomonlarda uni 2026 yilgacha uzaytirish imkoniyati ham mavjud. Tramp esa bundan buyog‘iga bunday shartnomalarga Xitoy tomonini ham kiritishni mo‘ljallayapti.