Transport boshqarmasi: Qorasuvga qatnayotgan avtobuslar jadvalida sodir bo‘layotgan uzilishlarga yo‘llardagi tirbandliklar sababchi

Kecha, 1 dekabr kuni Zarnews.uz telegram kanalida “27-yo‘nalishdagi avtobus nega o‘z vaqtida qatnamaydi?” sarlavhasi bilan Samarqand shahridagi Qorasuv massivida yashovchi fuqarolarning murojaati e’lon qilindi.

Ushbu murojaat yuzasidan kecha va bugun soat 10:00 gacha viloyat transport boshqarmasi avtomobillarda tashuvlar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan nazorat qilish bo‘limi inspektorlari tomonidan kuzatuv ishlari olib borildi.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, 1 dekabr kuni “Obod maskan” yo‘nalishi bo‘yicha qatnovchi 8-, 27-, 30- va 35-raqamli yo‘nalishlarda 30 ta avtobus, 2 dekabr soat 10:00 holatiga ham xuddi shuncha avtobuslar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatayotgani aniqlandi.

Shunga alohida e’tibor berish lozimki, deyarli har kuni ertalab va kechki tig‘iz vaqtlarda yo‘llarda tirbandliklarni yuzaga keltirmoqda. Bu esa avtobuslarning qat’iy grafik asosida qatnashiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu holat jamoat transportlariga alohida yo‘lak tashkil qilish zaruratini keltirib chiqaradi. O‘z navbatida, avtobuslar harakatida aniqlikni kafolatlaydi.

Hozirgi vaziyatda esa haydovchilardan muayyan yo‘nalish bo‘ylab harakatlanayotgan avtobuslarga imkon qadar yo‘l berishlarini so‘raymiz.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.