“Tezcard”ni ishlata olmadik, endi navbat “ATTO”gami?
Bir muddat oldin ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda “Qaytim nega berilmayapti?” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Unda Samarqand shahridagi jamoat transportining aksariyatida elektron to‘lov tizimining ishlamasligi, yo‘lovchilar yo‘lkirani naqd to‘laganda qaytim berilmayotgani va bu holatga mas’ullar ko‘z yumib kelayotgani tanqid qilingan edi.
Viloyat transport boshqarmasi axborot xizmati mazkur maqola yuzasidan munosabat bildirib, holatga shunday izoh bergan:
“Haqiqatan ham Samarqand shahar jamoat transportida tadbiq etilgan “Tezcard” elektron to‘lov tizimi o‘zini oqlamadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 noyabrdagi "Umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashishda yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash hamda yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida joriy yilning iyul oyidan boshlab Samarqand shahar jamoat transportida (Avtobus va tramvay) “ATTO” elektron to‘lov tizimi yo‘lga qo‘yildi. “ATTO”ning “Tezcard”dan farqi shundaki, validatorlar to‘g‘ridan to‘g‘ri avtobus salonidagi tayanch ustunlariga o‘rnatilgan.
Bugungi kunda shahar yo‘nalishlarida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi barcha avtobuslarda mazkur elektron to‘lov tizimidan foydalanish mumkin...”.
Bu munosabatda e’tiborimizni tortgan birinchi masala shuki, maqola sentyabrda chiqqan, rasmiylar esa yangi tizim iyul oyidan beri ishlayapti, deya javob berishmoqda. Unda jamoatchilikning e’tirozi qayerdan kelib chiqyapti? “Tezcard” ishonchni oqlamadi”, deyildi. ammo yana savol kelib chiqadi: Ishonchni oqlamadimi yoki ishlatilishi nazorat qilinmadimi? “ATTO” muammosiz ishlayotgan bo‘lsa, nega “kanduktor”lar naqd pul talab qilyapti? Naqd pulda qilingan hisob-kitobda qaytim nega berilmayapti? Savol ketidan savol tug‘ilaveradi.
Xulosa shuki, munosabatda muammoning sababiga ham, yechimiga ham aniq bir javob berilmagan. Jamoat transportidagi nazoratsizlik, qaytimlarning berilmasligi holatlariga-ku umuman to‘xtalinmagan. Samarqand shahri yuzidagi eng katta dog‘ qachon yo‘qotiladi?
Yana bir masala. Joriy yilning aprel oyida Prezidentimiz Samarqand shahrida transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha rejalar taqdimoti bilan tanishgan eda. Unda mas’ullar Samarqandda hozirgiga qo‘shimcha 40 ta yangi yo‘nalish, xususan, aeroport, vokzal va tarixiy markazlarni bog‘laydigan 5 ta ekspress yo‘nalish tashkil etilishi, avtobuslar katta sig‘imlisiga almashtirilib, markaziy ko‘chalarda ularning harakati uchun alohida yo‘lak ajratilishini aytishgandi. Yaqinda biz transport boshqarmasi mas’ullari bilan bog‘lanib, bu yo‘nalishda qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot so‘radik. Javob qo‘yidagicha:
“Bugungi kunda shahar avtobus yo‘nalishlaridagi avtobuslarni yangilariga almashtirish maqsadida “Maroqand trans 777” MChJ tomonidan bank kreditlari hisobiga Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan 80 dona King Long rusumli avtobus olib kelish rejalashtirilgan. Mazkur avtobuslar joriy yilning oktyabr oyida Samarqand shahriga kirib kelishi kutilyapti. Yana shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, ushbu avtobuslar aholining jamoat transportiga bo‘lgan talabidan kelib chiqib, yo‘nalishlarga joylashtiriladi”.
Demak, bu yuqoridagi vazifalarning hozirgacha qilingan qismi. Agar ko‘proq ish qilinganda, mas’ullar ko‘proq ma’lumot berar edi, albatta. Xulosa o‘zingizdan.