«Travmotologiya»dagi uzoq kutilgan yo‘llar... va davolashdagi yangiliklar

Respublika ixtisoslashtirilgan travmotologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialining hovli qismidagi yo‘llarni ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak. Ha, yaxshiki, endi u o‘ydim-chuqur yo‘llarni faqat eslash mumkin. Yaqin kunlarda shifoxonadagi yo‘llar, obodlik butunlay yangicha qiyofaga keldi.  Ilgari shikastlanishlarni davolaydigan shifoxona yo‘llarining o‘ydim-chuqurligidan yiqilib qolmayin-da, deb yurishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugun atrofdagi o‘zgarishlardan bahri-dilingiz ochilib, qadam tashlaysiz. Shifoxona mas’ullarining ta’kidlashicha, bu yerda 2 ming metr kvadrat hudud asfaltlashtirilib, yomg‘ir suvlari yashil maysazor hududiga chiqib ketishi uchun maxsus loyiha asosida amalga oshirilgan. Yo‘laklarga aqlli chiroqlar, zamonaviy o‘rindiqlar o‘rnatilgan.

Suhbat davomida anglashiladiki, shifoxonaning faqat surati emas, siyratida ham qator o‘zgarishlar mavjud.

- Bitta misolni keltirmoqchiman. Ilgari butun boshli shifoxonada ikkita rentgen apparati mavjud bo‘lib, bu bemorlarning uzoq vaqt navbat kutishi va sarsongarchiliklarini keltirib chiqarardi,  - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmotologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filiali rahbari Oybek Mamatqulov. – Hozir o‘z ixtisosligi bo‘yicha qariyb har bir bo‘limda zamonaviy rentgent apparatlari mavjud. Yuqori texnologiyalar yordamida amalga oshirilayotgan operatsiyalar soni tobora ko‘paymoqda. Aksariyati bemorning tezroq oyoqqa turib ketishi va kam jarohat olishini ta’minlovchi jarrohlik amaliyotlari sanaladi. Misol uchun, markazda 2022 yilda jami bajarilgan jarrohlik amaliyotlari 8324 tani tashkil etgan, ularning 956 tasi artroskopiya yordamida bo‘lsa, 1755 tasi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari sanaladi. 2023 yilda esa jami operatsiyalar soni 9158 tani tashkil etib, yuqori texnologik operatsiyalar soni ham ortgan. Birgina shu yilning o‘zida hozirgi kunga qadar 1193 ta murakkab operatsiyalar zamonaviy texnologiyalar yordamida amalga oshirildi. Tabiiyki, zamonaviy jihozlar yordamidagi operatsiyalar varchdan yuqori malaka va bilimni talab etadi.

2021 yilda markazimizning 24 nafar shifokori xorij davlatlarida malaka oshirib qaytgan. 2022 yilda esa ularning soni 49 nafarni tashkil qildi, 2023 yilda 65 nafar shifokor Italiya, Yaponiya, Turkiya, Hindiston, Janubiy Koreya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi qator davlatlarda zamonaviy muolaja usullarini o‘rganib keldi. Xorijda malaka oshirib kelayotgan vrachlar aniq bir operatsiyani o‘rganib qaytish sharti bilan jo‘natilyapti, shuning uchun har bir shifokor chetga borishdan avval o‘ylab ko‘rishiga, salohiyatiga qarab yo‘l tutishiga majbur bo‘lmoqda.

Markazda bugungi kunda 100 nafardan ziyod shifokor, 268 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat ko‘rsatadi. Shifokorlarimizning uch nafari tibbiyot fanlari doktori, 15 nafari fan nomzodlari darajasiga ega. Shifoxonada koykalar soni 260 tani tashkil etadi. Travmotologiya-ortopediya sohasida respublikada jami 92 tur operativ muolaja usuli mavjud bo‘lib, shulardan 85 turi markazda amalga oshiriladi.

Shu o‘rinda bir faktni aytib o‘tishim kerak, bundan to‘rt-besh yil avval 10-15 foiz bemorlarni davolanishi uchun poytaxt yo chet elga jo‘natishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam qariyb nolga tenglashtirildi. Aksincha, qo‘shni viloyatlargina emas, qo‘shni davlatlardan davolanishga keluvchilar soni ham ko‘paydi.

Xususan, ularning soni 2021 yilda 84 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2023 yilda 231 nafarni tashkil etmoqda. Ular orasida Tojikiston, Hindiston, Pokiston (talabalar evaziga), Turkmaniston kabi davlatlardan keluvchi bemorlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Markazga birgina o‘tgan yilning o‘zida bir qator yangi turdagi, viloyatda kam sonli tibbiy apparatlar keltirildi. Xususan, MSKT apparati bugun bemorlarning yanada tezroq va sifatliroq davolanishiga xizmat qilmoqda. Negaki, ilgari ushbu jihoz tahliliga muhtoj bo‘lgan bemorlarni, ayniqsa og‘ir ahvolda bo‘lsa, qiynalib, maxsus tez tibbiy yordam mashinasida olib borilishiga to‘g‘ri kelardi. Endilikda bu noqulayliklar bartaraf etildi. Shuningdek, Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan rentgen hamda yuz-jag‘ jarrohligi uchun maxsus apparatlar bemorlarning sifatli davolanishida muhim omil bo‘lmoqda. Oddiy misol, ilgari turli avtohalokatlar yo boshqa bir baxtsiz holatlarda bemorning yuz-jag‘ qismida turli mayda toshlar, shisha siniqlari yo boshqa yot jismlar kirib qolsa, og‘ir ahvoldagi bemorda bu narsa umumiy davolanish bilan bilinmay ketardi, ammo vaqt o‘tgach,  og‘riq berib, noxush holatlarga olib kelishi mumkin edi. Bu rentgen asbobi aynan shunday holatlarni bartaraf etishda juda samarali tashxis sifatida zarur.

Jarrohlik xonasi uchun sovuq plazmali sterilizator esa operatsiya davomida qo‘llaniladigan, turli xom ashyodan tayyorlangan jihozlarni sifatli sterillab berish imkoniga ega. Ilgari bu masalada biroz murakkabliklar bo‘lardi.

Shifoxona mutasaddilarining aytishicha, endilikda bu yerda davolanayotganlarning umumiy shifoxonada qolish muddati ikki yil avvalgi ko‘rsatkichdan ikki kunga kamaygan.

Zamonaviy sharoit, malakali shifokor, sifatli dori-darmon – aslida bemorning tez davolanib ketishi uchun shu uchlikning o‘zi yetarli. Ammo biz oddiygina ifodalagan bu formulaning ortida milliardlab mablag‘lar, hukumatning alohida e’tibori, joylardagi mutaxassislarning fidoyiligi kabi qator bir-biriga chambarchas bog‘liq jarayonlar mavjud. Travmotologiya va ortopediya bilan bog‘liq xastaliklarni davolashda bu zanjirning uzviyligiga guvoh bo‘ldik.

Bu o‘zgarishlar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun o‘tkazilgan preyes-tur davomida ko‘rsatildi.

Gulruh MO‘MINOVA.