Triatlon: “Parij-2024” Olimpiadasiga yo‘l Samarqanddan boshlanadi
Samarqandda triatlon va para triatlon bo‘yicha boshlanishi kutilayotgan “World Triathlon Cup Samarkand-2024”, “World Triathlon Para Cup Samarkand-2024” musobaqalari oldidan o‘tkazilayotgan tadbirlar, ichki musobaqalar, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi birinchiliklar jahon triatlon oilasining diqqat-markazidagi tadbirlar sirasiga kiradi.
“Parij-2024” Olimpiadasining reyting ballarini taqdim etadigan mazkur nufuzli musobaqa dasturiga binoan ilk kungi bahslarni o‘smirlar boshlab beradi.
Bugun, 17 may kuni aynan o‘smirlar o‘rtasida “CATA-WATA” (qizlar) va “CATA-WATA” (o‘g‘il bolalar) o‘rtasidagi bahslar bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, kun davomida “World Triathlon Cup Samarkand-2024”, “World Triathlon Para Cup Samarkand-2024” bahslarining asosiy ishtirokchilari bo‘lgan dunyoning 60 ga yaqin davlatidan kelgan sport jamoalari, Xalqaro triatlon federatsiyasi vakillari, hakam va ekspertlar uchun Samarqandning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar, yosh sportchilar bilan uchrashuvlar, suhbatlar tashkil etiladi.
Bevosita “Parij-2024” Olimpiadasining reyting ballarini taqdim etadigan jahon kubogi bahslariga to‘xtaladigan bo‘lsak, joriy yilning 30 iyul kuni Fransiya poytaxti Parijda Olimpiada o‘yinlarining start chizig‘idagi o‘rinlar uchun Samarqandda kechadigan velo poyga, suzish, yugurish dasturlarini qamrab olgan triatlon musobaqalari ko‘p masalaga oydinlik kiritadi. Avvalo, Olimpiya o‘yinlari chizig‘ida kuchli sportchilarning qay tartibda o‘rin olishini Samarqand sport yo‘laklari belgilab beradi. Bundan tashqari, ushbu bahslar jahon triatlonining kelajagi bo‘lgan mahoratli yoshlarning jahon reytingidagi darajasi ko‘tarilishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Parij Olimpiadasi reyting ballarini taqdim etadigan Samarqand musobaqalarida jahon reytingida kuchlilar qatorida qayd etib kelinayotgan Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Irlandiya, Vengriya kabi o‘nlab davlatlarning 54 nafar a’zosi va yuz nafardan ortiq yetakchilikka da’vogar triatlonchilarning bahslarga hozirlik ko‘rayotganligi Samarqand musobaqasi dunyo nigohidagi bahs bo‘lishini anglatmoqda.
Sportchilar umumiy uzunligi 40 kilometrni tashkil etadigan velopoyga, yugurish va suzish bahslarida g‘oliblik uchun kurashishadi.
Jahon kubogi Euro sport, Jahon triatlon federatsiyasi rasmiy kanallari va boshqa nufuzli xorijiy telekanallar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri dunyoga namoyish etib borilishi yana bir karra xalqaro sport jamoatchiligi e’tiborini Samarqandga qaratadi.
Samarqand xalqaro turizm markazida joylashgan Samarqand eshkak eshish kanali atrofidagi xushmanzara maskanda o‘tadigan musobaqalar Yevropa, Osiyo, Amerika, Okeaniya mamlakatlaridan kelgan sportchilar uchun Parij yo‘llanmasini qo‘lga kiritishda hal qiluvchi omil vazifasini o‘taydi.
Mamlakatimizda ilk bor o‘tayotgan jahon kubogida O‘zbekiston terma jamoasining 20 nafar sportchisi qatnashayotganligi yurtimizda ushbu sport turining rivoji yangi bosqichga ko‘tarilayotganligidan dalolat bo‘lishi bilan birga umidli yoshlarimizga katta sport maydonida o‘z mahoratini, iqtidorini namoyish etish, kuchlilar orasida o‘z sobit o‘rniga ega bo‘lishiga imkoniyat yaratishi bilan qadrlidir.
Musobaqa dasturiga binoan, bugun o‘smirlar o‘rtasida, 18 may kuni “World Triathlon Cup Samarkand-2024”, “World Triathlon Para Cup Samarkand-2024” musobaqalari, 19 may kuni havaskorlar uchun “Age group” (Supersprint) va Age group” (Standart) hamda erkaklar va ayollar o‘rtasida mamlakat chempionati bo‘lib o‘tadi.