Tuhmat uchun xodimni ishdan bo‘shatish mumkinmi?

Agar xodimning tuhmat qilish bilan bog‘liq harakati tashkilotning ichki mehnat tartibi qoidalarida mehnat majburiyatlarining bir marta qo‘pol ravishda buzish holati sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa bo‘shatish mumkin.

Bunday holatlarda mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 5-bandi bilan, ya’ni mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol ravishda buzilganligi munosabati bilan bekor qilinadi. Biroq, bu yerda qo‘shimcha ravishda ikkita muhim shart bor va ushbu ikki shart bo‘lgandagina xodimni tuhmat qilganligi uchun ishdan bo‘shatish (yoki boshqa turdagi intizomiy jazo qo‘llash) mumkin bo‘ladi.

Birinchisi, xodimning tuhmat bilan bog‘liq harakati uning mehnat vazifalari, ya’ni mehnat hamda kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi kerak.

Ikkinchisi, tuhmat fakti sud tomonidan yoki ma’muriy huquqbuzarlik tartibida yoki jinoyat protsessi tartibida isbotlangan bo‘lishi kerak. Tuhmat, ya’ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish uchun shaxs, avvalo, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 40-moddasida ko‘rsatilgan ma’muriy javobgarlikka, alohida hollarda yoki ma’muriy jazodan keyin ham tuhmat holati sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 139-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Sodda qilib tushuntirganda, tuhmat harakati har ikki holatda (ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik holatlarida) ham sud tartibida aniqlanadi. Yanada jo‘nroq aytganda, xodimning tuhmat qilganligi agar bu mehnat va kasbiy faoliyati davomida sodir etilganda ham bu harakatda tuhmat bormi-yo‘qmi, ish beruvchi bunga baho bera olmaydi. Yoki xodimni tuhmat qilganini tasdiqlovchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 40-moddasiga muvofiq chiqarilgan sud qarori yoki Jinoyat kodeksining 139-moddasiga asosan chiqarilgan sud hukmi (yoxud ajrimi) bo‘lishi kerak.

B.Abdurahmonov,

Jomboy tuman prokuraturasi tergovchisi.