Tunda qurol ko‘tarib, "daydi itlarni ovlab" yurgan shaxslar aniqlandi
Kecha, 15 aprel kuni Yangiyo‘l shahar, Navro‘z dahasida joylashgan 4-uy oldida 3 nafar notanish shaxslar daydi itlarni otib ketishmoqda izohi bilan ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqatildi.
Mazkur holat yuzasidan shu kunning o‘zida Toshkent viloyati IIBB JQB va Yangiyo‘l shahar IIB JQB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida ushbu notanish shaxslar aniqlandi. Ular: Yangiyo‘l shahar Navro‘z dahasida yashovchilar, 1976 yilda tug‘ilgan D.S., 1982 yilda tug‘ilgan A.X. va 1983 yilda tug‘ilgan A.K. ekanligi aniqlangan va ulardan 2 dona sport pnevmatik (tir) miltig‘i, hujjatlari bilan daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilib olingan. Bu haqda IIBB axborot xizmati xabar qildi.
Shuningdek, ular suhbat jarayonida o‘zlariga tegishli bo‘lgan sport pnevmatik (tir) miltiqlarini Toshkent shahridagi “Dinamo” sport do‘konidan hujjatlar asosida rasmiylashtirib olganligini va karantin davrida yosh bolalari uyda bo‘lganligi sababli xavfsizlik yuzasidan ushbu qurollarni tanishi “Ulug‘bek” ismli shaxsning uyiga olib ketayotganligini va hech qanday jonivorlarga qarata o‘q otmaganligini ma’lum qilishgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Yangiyo‘l tumani IIB tomonidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilmoqda.