Tungus meteoriti: U sodir bo‘lganmi yo yo‘q?
Tungus meteoriti hozirgacha sirligicha qolib kelmoqda. Meteoritning o‘zini hech kim ko‘rmagan, urvog‘ini ham topmagan. Guvohlar qoldirgan yozuvlarda qayd etilishicha, osmonda «yorqin yorug‘lik» paydo bo‘lib, «kuchli gumburlash» eshitilgan. Bir tomonga qulagan yuzlab daraxtlarni ko‘rishgan. Hozirgacha hodisa haqida ekspeditsiyalar boshqa ma’lumotlarni aniqlay olmagan.
Xo‘sh, 1908 yil 17 iyulda Tungus taygasida qanday hodisa yuz bergandi?
O‘sha kuni minglab odamlar Yenisey guberniyasi ustidan uchib o‘tgan olovli sharni ko‘rgan. Soat 7 dan 15 minut o‘tganida Podkamennaya Tungus daryosi havzasida kuchli portlash ro‘y bergan. Uning quvvati 10 – 40 mega tonna trotil kuch ekvivalentiga teng bo‘lib, jahonning hamma joydagi seysmograflar qayd etgan.
Tadqiqotchilar "Portlash havoda 5 kilometrdan 10 kilometrgacha balandlikda ro‘y bergan, oqibatda parchalardan Cheko ko‘li hosil bo‘lgan", degan xulosaga keldi. Ammo ushbu ko‘l tubida ham, boshqa qo‘shni ko‘llarda ham meteorit parchalarini qidiruv hech qanday natija bermadi. Bundan tashqari, Cheko ko‘lini sinchiklab o‘rganish uning kamida 300 yil avval abadiy muzliklar erishi natijasida paydo bo‘lganini ko‘rsatdi. Ya’ni, 1908 yildagi meteorit hodisasiga uning hech qanday aloqasi yo‘q.
Qo‘shni Zapavednoye va Peyungda ko‘llari esa yana ham ilgari, 2000 yilcha avval paydo bo‘lgan. Xullas, qachonlardan buyon Yerga qulayotgan meteoritlar ichida eng qudratlisi o‘zidan na krater, na chuqur qoldirgandi. Yagona iz - kuchli portlash, qulagan daraxtlar va yong‘in. Shu bois tadqiqotchilar yana Tungus jumbog‘iga qaytdilar.
Tungus meteoritining kelib chiqishi Nikol Tesla tajribasi bilan bog‘liq emish. Olim uzoq masofaga havo orqali elektr uzatishni tajriba qila turib, kuchli quvvatni Sibir taygasiga yo‘naltirishga muvaffaq bo‘lgan emish.
Bu nazariyani hech kim inkor qilgani yo‘q, jiddiy ko‘rib chiqqan ham emas. Negaki, tajribaga qaraganda, meteorit qulagan degan taxmin ishonchliroq ko‘rinadi. Chunki Tesla tajribasini hali hech kim takrorlashga muvaffaq bo‘lgani yo‘q. Ammo meteoritning o‘zi ham, izi ham yo‘qligi Tesla tajribasini haqiqatga yaqinroq ko‘rsatmoqda. Osmondagi olov izni yashin shar qoldirgan, u o‘zida megavatt quvvatni jamlagan. Tayga ustida yashin chaqnagan, portlash uzoq-uzoq joylarga eshitilgan. Alanga 2000 kvadrat kilometr maydondagi daraxtlarni qulatib, kulga aylantirgan. Meteoritning o‘zi, izi ham bo‘lmagan, Tesla tajribasiga esa yangicha nuqtai nazar bilan qarash lozim bo‘ladi.
Xo‘sh, Tesla qanaqa tajriba o‘tkazgan?
Yugoslaviyalik bu olim o‘tgan asrda kosmosdan energiya olishni kashf qilgan, 20 metr balandlikda minora yasab, fazodan energiya to‘plovchi apparat yordamida hosil bo‘lgan katta elektr quvvatini ma’lum masofaga yo‘naltirib, sinab ko‘rgan. Tungus hodisasi ana shu tajriba mahsuli, degan taxmin bor. Bu haqiqatga nechog‘lik yaqin, balki navbatdagi tadqiqotlarda ma’lum bo‘lar...
Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.