Turk qardoshlar bir dasturxon atrofida
Iyun oyining birinchi yakshanbasi xalqaro nonushta kuni hisoblanadi. Shu munosabat bilan Samarqanddagi Turkiya Respublikasi bosh konsulxonasi nonushta dasturxoni yozdi.
Unda samarqandlik ziyolilar va Qozog‘iston Respublikasining Samarqanddagi bosh konsuli Bourjon Dosmanbetov ishtirok etdi.
Turkiya bosh konsuli Salih Janer mehmonlarga minnatdorlik bildirib, dasturxonga tortilgan turk milliy taomlari haqida ma’lumot berdi.
– Odatda, ko‘p do‘stona suhbatlar, samimiy uchrashuvlar nonushta chog‘ida kechadi, – dedi Turkiya Respublikasining Samarqanddagi bosh konsuli Salih Janer. – Bugungi nonushtamizga ham konsulxonamizga yaqin bo‘lgan insonlarni taklif etib, yaxshi suhbat qurishni niyat qilgandik. Aslida, biz – turkiy xalqlarning turmush tarzimiz, dasturxonimiz deyarli bir xil. Ushbu dasturxondagi noz-ne’matlar ham O‘zbekistonda va Turkiyada yetishtirilgan mahsulotlardan tayyorlangan.
Do‘stona suhbat chog‘ida keyingi yillarda turkiy davlatlar o‘rtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani, jumladan, O‘zbekiston – Turkiya, O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlari rivojlanayotgani ta’kidlandi.