Turkiston milliy kurashi tarixi - yaqin o‘tmishimizning eng murakkab davri haqida qimmatli manba
Har qanday milliy madaniyatning yuksalishida millatning buyuk o‘timishi bilan faxrlanishga xizmat qiladigan milliy ruh muhim ahamiyatga ega. Ammo mustaqillikkacha bo‘lgan davrda milliy tarixni milliy ruh bilan o‘rganish imkonini bermadi, tariximizni bir taraflama, salbiy nuqtai nazardan o‘rganib keldik.
Xususan, milliy ozodlik harakatini “bosmachilik harakati” deb baholangani bunga yaqqol misol. Turkistonda milliy ozodlik harakati ishtirokchilarining kurashi sovetlar tomondan bosqinchilik harakati sifatida baholanib, ularga qarshi keskin kurash olib borildi, siyosiy qatag‘on qilindi.
Ushbu harakatni milliy ozodlik kurashi sifatida yoritgan asarlardan biri Boymirza Hayitning 1997 yilda Turkiyada nashr qilingan “Bosmachilar: Turkiston milliy kurashi tarixi” nomli kitobidir. Asar tarixchi olim Rustambek Shamsutdinov va Shahzodbek Boltaboyevlar tomonidan tarjima qilinib, nashr etilgan.
Bugungi kunda qay bir mamlakatning taraqqiyot yo‘li ilm-fan yutuqlariga asoslangan bo‘lsa, o‘sha mamlakat rivojlanishda ilgarilab ketganining guvohimiz. Fan faoliyati jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan ilmiy qonuniyatlarni ochib beradi. Jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan qonunlarni ochishda tarix fani muhim ahamiyatga ega. Tarix fani mavjud ijtimoiy muammolarni anglab olishi va ularni bartaraf etish borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqishi lozim. Tarixchilar buni milliy ruh bilan tarixiylik tamoyili asosida tahlil qilib, ularni keltirib chiqargan sabablarni topishda va bartaraf qilish borasida xulosalarini berishlari kerak.
Vatanimiz tarixini xolisona va haqqoniy yoritish, istiqlol va ozodlik uchun jonini tikkan ajdodlarimizning hayot yo‘li – mardona kurashlari, taqdirlarini bilish, anglash, ularning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-mafkuraviy qiyofasini tiklash, bor haqiqatni adolat bilan avlodlarga yetkazish muhim, shu bilan birga sharafli va xayrli ishdir.
Kitob muallifi Boymirza Hayit yuqorida aytilgan chigal damlarning guvohi va bevosita ishtirokchisi bo‘lgan, shu jarayonlar ichida yashagan. Shu sababdan “Bosmachilar”: Turkiston milliy kurashi tarixi” mamlakatimizning yaqin o‘tmishdagi eng murakkab davri haqidagi qimmatli manba hisoblanadi.
I.SAIDOV,
F.NABIYeV,
Sh.G‘AFFAROV,
Sharof Rashidov nomidagi SamDU professorlari.