Turkiston qo‘rboshilari, "bosmachi"lar, Turkiston tarixida o‘tgan 55 buyuk siymo

Ular haqida nimalarni bilamiz?

Umrimizning o‘tgan har bir kuni, oyi, yili, hatto har bir oni biz uchun kecha, ya’ni tarix, ammo u bizning tarix, negaki shodumon kunlarimiz zavqi-shavqi, tashvishni onlar mashaqqatu iztirobi, omadu qoqinishlarimiz kechinmalari ana shu lahzalarda muhrlanib qoladi.

Bugun esa quvvai hofizamiz, saviyamiz darajasida biz undan o‘zimizga xulosa olamiz. Yaxshi-yomonni anglash uchun ba’zida bir-ikkita holatni zikr qilish ham yetarli bo‘ladi. Lo‘nda qilib aytganda, tarixning turgan bitgani saboq. Tarixning yaxshi-yomoni bo‘lmaydi, chunki u o‘tgan kunimiz, ammo undan chiqaradigan xulosamizning yaxshi-yomoni bo‘ladi. 

Bugungi kunning mohiyati, voqeligini kechagi kuningizdan izlang. Aniqrog‘i, tarixdan ola olgan xulosangiz salmog‘i buguningizning tosh-tarozisidir. Allomalardan biri “o‘z tarixini yaxshi bilmagan va tegishli xulosa chiqara olmagan xalq uni yana boshidan kechirishga mahkumdir”, degan mazmunda haq gapni aytgan. Xullas, bugungi xatoyimiz ham, yutug‘imiz ham kechadan o‘tib kelgan tushunchamiz, harakatimiz natijasidir. 

Asosiy fikr shulkim, agar biz tarixdan to‘g‘ri saboq ola bilsak, uni bugunda sinovdan o‘tkazsak, ertamizni belgilashimiz oson kechadi, ya’ni saboqlardan chiqarilgan xulosalar, g‘oyalargina ertamizga mayoq bo‘la oladi. 

Yo‘q, shoshilmang, bu hammasi emas, bu hali tarix haqida hamma biladigan va shuurimizga singib ketgan oddiy an’ana va naqllargina edi, xolos. Hayotimizdagi bitta hodisotdan tarix yasab bo‘lmaydi. Tarix ilmi voqeliklar tafsiloti emas. Tarix ilmi manbadan xulosagacha bo‘lgan jarayon. Tarix to‘g‘risida og‘zaki bahsu nizoga o‘rin yo‘q, u manbaga ega bo‘lgan mantiq bilan isbotlanadi. Binobarin, hodisa va hodisotlarni sharhlash, qiyoslash, muhitning ularga ta’sirini o‘rganish, muayyan davrning jamiyatdagi oqibatlarini sinchiklab aniqlash – bularning hammasi ana shu jarayon ichida bo‘lishi lozim. O‘shandagina biz o‘z tariximiz to‘g‘risida mukammal tasavvurga ega bo‘lamiz. Tarixni yozishda xato qilish, uni noto‘g‘ri talqin qilish pirovardida millatga o‘zligini anglashda xalaqit qiladi. Bugungi hayot bu haqiqatning nechog‘lik to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Qadrli o‘quvchim, sizni chalg‘itmay va zeriktirmasdan ayta qolay: bu yozganlarimning barchasi iqtidorli va zukko tarixchi olim Qahramon Rajabov kitoblari va maqolalarini o‘qiganimdan so‘ng olgan taassurotlarim va o‘zlashtirgan fikrlarimdir.

Tabiiyki, ayniqsa tarix sohasida kitobxonni o‘ziga jalb qila oladigan risola yozish oson emas. Birinchidan, biz yillar davomida tarixni bir xil ifodalashdan zada bo‘ldik. Ikkinchidan, ayrim tarixchilar faqat dissertatsiya yoqlash uchun “tadqiqot” qilib, uni kam sonli mutaxassislar uchun chop etishdan nariga o‘tishmayapti. Uchinchidan, ba’zi olimlar qaysidir manbadan topgan qiziqarli tarixiy voqea yoki faktni ijtimoiy tarmoqda aylantirish bilan ovora. Garchi olimlar, ziyolilar e’tiborini tortishga xizmat qilsa-da, ularda tahlil, qiyoslash, salmoqli xulosalar yo‘q. Shu boisdan ham aholida, ayniqsa ziyo ahlida tariximizga oid izchil tadqiqot, tariximizning o‘sha davr muhitidagi salmog‘i hamda bugunimizni belgilab olishdagi ahamiyati ko‘rsatib berilgan asarlarga ehtiyoji katta.

rKamina Q.Rajabov kitoblarini mutolaa qilgach, bu olim faoliyatida ana shu xislatlar borligini sezgandek bo‘ldim. Ehtimol, avliyolar maskani –  Buxoroning Shofirkonidan poytaxtga borgani, oliy o‘quv yurtiga kirgunga qadar 2-3 yil turli idoralarda ishlab, Rossiyada harbiy xizmatni o‘tashdagi hayotiy tajribasimi, tayyorlov kursida o‘qib ToshDUda e’tiborli ustozlar mehriga tushganimi, bilmadim, ammo u tizimlar almashayotgan bir paytda ularning farqini teran anglay oldi. Garchi sohaga ishtiyoq, ilmga tashnalikni avvalroq o‘zlashtirgan, ayrim manbalar mohiyati shuurini bezovta qilgan bo‘lsa-da, Qahramon domla o‘z iqtidori va salohiyatini mustaqillik yillarida namoyish qila bildi. Ehtimol, davr ma’naviyatidagi inqilobiy evrilishlar uning ham qalbidagi shunday tuyg‘ularga qanot bergandir…

Fikrimning isboti uchun Q.Rajabovning “Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakati: mohiyati va asosiy rivojlanish bosqichlari (1918-1924 yillar)” kitobidagi ayrim holatlarga to‘xtalib o‘taman. Aslida bu olimning nomzodlik dissertatsiyasi ob’yekti. 

Kitobning so‘zboshisidanoq ko‘p narsani angladim: muallif “mustaqillikning dastlabki yillarida ilm-fan taraqqiyoti va yosh respublikaning bo‘lg‘usi olimlari oldiga qo‘yilgan talablarga binoan tayyorlangan hamda himoya qilingan tadqiqotning makon va zamon sinoviga nechog‘lik dosh berganligi, tarixiy haqiqat va xolislikka qay darajada rioya qilinganini ochiq ko‘rsatish, shu bilan birga, bugungi murakkab jarayonlarda O‘zbekistonda tarix faniga nisbatan munosabat amalda qanday ekanligini, tarixdan chiqariladigan achchiq saboqlar qanchalik muhimligini jamoatchilikka yana bir karra eslatish”ni maqsad qilgan. Binobarin, oldindan ayta qolay, qalbidagi ishtiyoq, ma’naviy jasorat, vujudidagi sabr-toqat, yonidagi oqil ustozlar yordamida bunga erishgan ham. 

Tadqiqot matni dastlab 240 sahifa bo‘lgan, uni qizg‘in tortishuvlardan so‘ng, nomzodlik dissertatsiyasi talabiga moslab yarmini qisqartirishgan. Muhimi, undagi g‘oya va xulosalar asosida olim 2005 yilda “Turkiston mintaqasida sovet rejimiga qarshi qurolli harakat (1918-1924 yillar)” mavzusida doktorlik ishini himoya qilishga ham ishtiyoq, sabot va zakovat topa bilgan. Bitta nomzodlik ishi uchun 6 ta xronikal hujjatlar to‘plami, 26 ta arxiv hujjatlarini, 16 nomdagi gazeta-jurnallarni, 13 ta xotira va esdalik kitoblarini, 133 ta ilmiy adabiyotlarni mutolaa qilgan. Ustozi, tarix fanlari doktori Ra’no Rajapovaning ta’kidlashicha, olim mavzu atrofida juda katta hajmdagi hujjatlar manbasini o‘rganish barobarida, quvvai hofizasi bilan Farg‘ona vodiysi misolida Turkiston hududidagi istiqlolchilik harakati mohiyatini o‘rganib, unga yangicha, adolatli nuqtai nazar bilan yondashib, bu harakatning barcha yo‘nalish va bosqichlarini tahlil qildi, xalqimizning og‘ir sharoitlardagi qahramonligini ko‘rsata bildi. Olim tarixiy manba va o‘z xulosalariga tayangan holda O‘zbekiston tarixi fanida ilk bor shu paytgacha “bosmachilik” harakati deb kelingan tushuncha istiqlolchilik harakati ekanligini dadil ayta oldi.

Tabiiyki, taniqli olimning bunday bahosiga qo‘shimcha qilishga mening haddim sig‘maydi, biroq tan olamanki, aynan ana shu kitobni mutolaa qilganimdan so‘ng XX asr boshidagi istiqlolchilik harakati to‘g‘risidagi tasavvurim mukammallashdi. Olimning tahlili orqali biz shu paytgacha “bosmachi” deb kelgan kishilar aslida elning fidoyi farzandlari, mustaqillik uchun kurashuvchilar ekani, bu harakatning ibtidosiyu ayanchli intihosi, bu kurashda qatnashganlar haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Zotan, muallif qisqa muddat davom etgan bu harakatning har bir kunini dalillar bilan yoritib bergan.

Tasavvur qiling, istiqlol uchun kurashgan ziyolilar, qo‘rboshilar har birining xizmatini o‘rganish uchun bir olimdan qancha vaqt, qancha sabot talab etiladi? Kitobga kiritilgan ilovada Qo‘qondan 33 kishining, Marg‘ilondan 66 kishining, Namangandan 46 kishining, Andijondan 24 kishining, Oloy vohasi va O‘sh uyezdidan 12 kishining ismi-sharifi keltirilgan. Shermuhammadbek yo‘lboshchiligidagi 8 mintaqa qo‘mondonlari va ularning qo‘l ostidagi qo‘rboshilar nomi aniqlanadi. Bu manbalarni Boymirza Hayit matnlarida keltirilgan qo‘rboshilar ro‘yxati bilan muqoyasa qiladi. Bundan tashqari, ularning qizil askarlar tomonidan safdan chiqarilgan, qatl etilganlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keltiradi. Ochig‘i, tarixga qiziqishi bor ziyoli sifatida ayta olamanki, ilgari birorta olim tomonidan tarixiy voqelikning bu qadarlik batafsil yoritilganini o‘qimaganman. Q.Rajabov tadqiqotida kamina ma’naviy jasorat namunasini ko‘rdim. 

Darvoqe, ma’naviy jasoratning boshqa jasoratlardan farqi shundaki, qahramonlikka o‘xshagan qudrat yoki salohiyatning lahzalik natijasi emas, u muntazamlilik kasb etishi zarur va ijtimoiy hayotda ham tan olinishi, boshqalar tomonidan izchil davom ham etishi kerak. 

Shu o‘rinda bitta misol keltirib o‘tsam. Ma’naviy jasorat – bu topgan-tutganini ehtiyojmandlarga tarqatish yoki shogirdlar bilan beminnat qo‘shimcha mashg‘ulot ham emas. Agar hozirgi davrda davlatmand kishi farzandlari to‘yini anchayin ixcham, kamchiqim qilib o‘tkazsa, butun mahalla buni odat qilsa, bu ma’naviy jasoratga yaqin, chunki bu holat boylikni ko‘z-ko‘z qilishdan tiyilishdan tashqari, yoshlarning nuqtai nazarini o‘zgartirishga xizmat qiladi. Yoki bo‘lmasa, uyda oila bilan “Kun jadvali” tuzib, unga rioya etish, farzandlar bilan bir davrada birorta kitob mazmuni yuzasidan samimiy suhbat qurish ham. Odamlarni ko‘chada duch kelgan joyga chiqindi tashlab ketmaslikka o‘rgatish, bunda oila bo‘lib ibrat ko‘rsatish ham, neilojkim, zamonaning ma’naviy jasoratiga aylanib qoldi.

Men Qahramon domla faoliyatida, avvalo, xalqimiz tarixini o‘rganishga beqiyos ishtiyoq, qadimiy qo‘lyozmalarni nodir javohir deb bilish zavqi, moziyga oid ma’lumotlardan ko‘pni xabardor etish havasi, har bir kishiga o‘z tarixini anglashga ko‘maklashish, undan xulosa chiqara olishga intilishni ko‘rdim. Bu xislat ham ma’naviy jasoratga yaqin. Aynan ana shu xislat tufayli ham olim ustozlari yordamida boshlagan ishini to‘xtatmayapti. Natijada “Fan” nashriyoti davlat korxonasida olimning 2022 yili “O‘zbekiston SSRda sovet rejimining qatag‘on siyosati va uning oqibatlari (1917-1991 y.)”, “Ibrohimbek qo‘rboshi”, “Turkistonda sovet hokimiyatining iqtisodiy siyosati va ocharchilik dahshatlari (1917-1924 y.)”, “Turkiston mintaqasida sovet rejimiga qarshi istiqlilolchilik harakati va mohiyati (1918-1935 y.)”, “Turkiston qo‘rboshilari”, “Turkiston tarixida o‘tgan 55 buyuk siymo” hamda 2023 yili “Turkiston Muxtoriyati tarixi” va boshqa ko‘plab kitoblari chop etildi.

Men bu kitoblarni o‘qish jarayonida aynan o‘zim rahbarlik qilayotgan, tashkil topganiga 110 yil to‘lgan “Zarafshon” gazetasiga asos solgan buyuk jadid Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyatiga oid ko‘plab ma’lumotlardan xabardor bo‘ldim. Unda M.Behbudiyning sovetlar s’yezdi, qurultoyi, shuningdek, “Sho‘roi iqilob” tashkilot anjumanlarida, Turkiston muxtoriyati s’yezdidagi chiqishlari qayd etilgan manbalar ko‘rsatilgan. Demak, biz bu jadid bobomiz hayotini o‘rganishda endi ana shu manbalar asosida maqolalar qilishimiz, uni xalqqa yetkazishimiz kerak. Shuningdek, “Zarafshon” gazetasida chop etilgan juda ko‘p maqolalarga urg‘u berilgankim, mualliflarning bu chiqishlari o‘sha davr ijtimoiy-siyosiy muhitiga juda katta ta’sir ko‘rsatgan. Bu holatni o‘rganish va tahlil qilishni ham samarqandlik yosh tarixchilarimizning navbatdagi vazifasi deb hisoblayman.

Bu asarlar orqali tarixchilar, umuman ziyoli ahli Turkiston qo‘rboshilarining shaxsiyati, ularning maqsad va g‘oyasi, istiqlolchilik harakatining g‘oyaviy rahnamolari, ish tutumi, faoliyat tizimi, qo‘rboshilarning unvoni, bayrog‘i, tug‘i, muhri, hatto harbiy mashqi, keyingi taqdirlari to‘g‘risida juda ko‘p yangi ma’lumot va teran xulosalardan xabardor bo‘ldilar. Alp Er To‘nga (Afrosiyob)dan Amir Olimxongacha bo‘lgan, jamiyat taqdirida muhim rol o‘ynagan davlat rahbarlari hayotiga oid kitob ham millatimizning xizmati shu kungacha bizga noma’lum bo‘lib kelgan asl farzandlari jasoratining xotirasi, faxriyasi sifatida shuurimizni yangicha qarashlar bilan boyitishi tabiiy.

Faqat bugina emas. Q.Rajabov tarixiy shaxslar siyratini chizish barobarida o‘sha davr muhitining millat turmush tarziga ta’siri yoki, aksincha, kuchli shaxslarning aholi hayotiga ta’siri jarayonini ochishga erishgan. Bunday mahoratni biz olimning jamoat va davlat arbobi Nazir Rajabov hayoti, faoliyati bilan bog‘liq tarixiy essesida, Ahmadjon Odilov hayoti, faoliyati, uning chigal, iztirobli hayotiga oid kitobga mas’ul muharrirlik qilgani hamda unga salmoqli so‘nggi so‘z yozganida ham ko‘ramiz.

Kamina bitigimga bu gal “xulosa qilib aytganda…” degan an’anadan voz kechaman. Chunki Qahramon domla hamon qizg‘in izlanishda. Vaqtli matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda doimo faol. Yaqinda akademik Azamat Ziyo bilan birga Turkiston muxtoriyati haqida juda samimiy, tahliliy chiqish qildi. Bundan tashqari, men o‘zbek tarixchiligida o‘ziga xos uslub yaratayotgan iqtidorli olimning 2-3 ta kitobidan olgan taassurotlarimnigina qog‘ozga tushirdim. Zero, uning xalqaro va mamlakat miqyosida istiqlolchilik mavzusida o‘tkazilgan anjumanlardagi chiqishlari, kitoblarga, ilmiy tadqiqotlarga yozgan taqrizlari ko‘pchilikning e’tiborida. Faqat butun vujudi bilan xalqqa mehr qo‘ygan, uning shonli tarixini ko‘ngil mulki deb bilgan, har qanday sharoitda ham sabru qanoati bilan tariximiz sharhini odilona ifoda etayotgan zabardast olim shakllanayotgani bilan faxrga to‘lganimni aytmoqchiman, xolos. 

Ijodga baraka, Qahramon Rajabov!

Farmon Toshev, 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.