Turkiya prezidentlik saylovining ikkinchi turi boshlandi

Turkiyada o‘tayotgan prezidentlik saylovi ikkinchi turi uchun chet ellardagi vakolatxonalarda ovoz berish jarayoni 20-21 may kunlariga belgilangan.

Bugun Turkiyaning xorijiy vakolatxonalarida turk qardoshlarimiz o‘z huquqlaridan foydalangan holda mamlakat hayotidagi muhim siyosiy jarayonda ishtirok etmoqda.
Jumladan, Samarqand shahridagi Turkiya Bosh konsulligi binosida saylov uchastkasi tashkil qilinib, Samarqand va unga yaqin hududlardagi Turkiya fuqarolarining ovoz berish jarayonlari o‘tkazilmoqda.

- Prezidentlik saylovining ilk bosqichida mamlakatimiz aholisining 88 foizi ishtirok etdi, - deydi Samarqanddagi Turkiya Bosh konsulligi saylov uchastkasi raisi Salih Janer.- Birinchi bosqichdagi keskin kurash va saylovning ikkinchi bosqichi o‘tkazilishi Turkiyada demokratik tamoyillar qay darajada amalda ekanligining isbotidir. Bugun mamlakat tashqarisidagi fuqarolar uchun dunyoning 73 davlatidagi 151 ta vakolatxonaga tegishli 169 joyda saylov uchastkalari tashkil etilgan. Xorijdagi Turkiya fuqarolarning ushbu nuqtalarda saylovda ovoz berishi uchun sharoit yaratilgan.
Saylovda ovoz berish jarayonlari davom etmoqda.