Turkiya qanday qilib yuqori texnologiyali iqtisodiyotga ega davlatga aylandi?

Turkiya so‘nggi o‘n yilliklar davomida bir necha bor "texnologik sakrashlar"ga erishdi va o‘z maqomini "agrar mamlakat"dan "industrial respublika"ga, so‘ngra "sanoati rivojlangan davlat"dan "yuqori texnologiyali iqtisodiyot" ega davlatga o‘zgartirdi.

Shu asnoda mamlakat har safar yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsuldorlik darajasiga o‘tdi.

Global iqtisodiyotdagi o‘z toifasi va o‘rnini shiddat bilan o‘zgartirayotgan Turkiya o‘zining zamonaviy taraqqiyotida yana bir marraga yaqinlashdi. Agar yaqinda mamlakat yengil sanoat (oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik, maishiy texnika) sohasida jahon miqyosida e’tirofga erishgan bo‘lsa, hozirda sanoatning murakkab tarmoqlari, jumladan, mashinasozlik jadal rivojlanmoqda.

Ushbu sanoat mahsulotlari YaIMning taxminan 20 foizini tashkil qiladi va Turkiya eksporti tarkibida birinchi o‘rinni egallaydi – 18 foizgacha. 2023 yilda Turkiyaning avtomobil mahsulotlari eksporti 35 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.

Qayd etilishicha, mamlakat avtomobilsozlik sanoati dunyoning qolgan qismiga nisbatan ancha kech rivojlana boshlagan. Biroq hozirgi kunda u yiliga o‘rtacha 1 milliondan ortiq mashinalar ishlab chiqaradigan avtomobil ishlab chiqaruvchilarning global reytingida 13-o‘rinni egallab turibdi.

Turkiya avtomobil sanoati mahsulotlari 180 davlatga eksport qilinmoqda. Eksportning 78 foizi Yevropa Ittifoqi davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Turkiya umumiy Yevropa bozoriga avtomobil yetkazib berish va avtobuslar ishlab chiqarish bo‘yicha ham birinchi o‘rinni egalladi.

Bugungi kunga kelib Turkiya AQSh, Yevropa, Yaponiya va Janubiy Koreyadan investitsiya va texnologiyalarni jalb etishga muvaffaq bo‘lgan avtomobilsozlik sanoatining yirik markazlaridan biriga aylandi. Mamlakatda 20 dan ortiq jahon miqyosidagi 50 ta qo‘shma korxonada "Ford", "FIAT", "Renault", "Toyota", "Honda", "Opel", "Hyundai", "Mercedes-Benz" avtomobillari yig‘ilyapti, "BMC", "Temsa", "Otokar", "Otoyol", "Isuzu", "IVECO", "Anadolu", "Karsan", "Bozankaya" rusumli avtobuslar hamda "MAN", "Daimler" yuk mashinalari ishlab chiqarilyapti.

Bir qator avtomobil modellari faqat Turkiyada ishlab chiqariladi va boshqa mamlakatlarga eksport qilinadi. Masalan, "Ford Cargo" yuk mashinalari Yevropa Ittifoqi, MDH, Osiyo va Afrika mamlakatlari bozorlari uchun faqat Izmirda ishlab chiqarilmoqda.

Turkiyada mashinasozlikka ixtisoslashgan 100 dan ortiq tadqiqot markazlari mavjud. Yangi mahsulotlar ishlab chiqarayotgan taniqli global brendlar orasida "Ford", "Fiat", "Daimler" va "AVL" kabi konsernlar bor.

Turkiyadagi "Ford Otosan" texnopolisi "Ford"ning uchta yirik global ilmiy-tadqiqot markazlaridan biri hisoblanadi. "Fiat"ning Bursadagi zavodi esa Italiya kompaniyasining o‘z mamlakati tashqarisida Yevropa bozoriga xizmat ko‘rsatadigan yagona ob’yektidir.

"Daimler"ning Istanbuldagi tadqiqot va rivojlantirish markazi nemis yuk va avtobus kompaniyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Turkiyada ikkinchi tadqiqot va rivojlantirish markazini ochgan Avstriyaning "AVL-Turkey" kompaniyasi avtonom va gibrid avtomobil texnologiyalarini ishlab chiqishga kirishdi.

Global avtomobil ishlab chiqaruvchilarni Turkiyaga investitsiya kiritishga jalb etuvchi omillar orasida 80 million iste’molchiga ega bo‘lgan yirik ichki bozor va o‘sib borayotgan iqtisodiyot, shuningdek, mamlakatning uch qit’a tutashgan joyda qulay joylashuvi muhim omil bo‘layotir. Bu esa eksport hajmini oshirish uchun ishlab chiqarish quvvatlarini ochish imkonini beradi. Shuningdek, mamlakatda texnologik bazaning mavjudligi, tajriba va mahalliy ishchi kuchining arzonligi, jozibador investitsiyaviy muhit hamda liberal bank tizimi ushbu sohani rivojlantirishda muhim omillar bo‘layotir.

Masalan, mamlakatda kapitalning Yevropadan va aksincha harakatlanishi uchun hech qanday to‘siq yo‘q. Patent qonunchiligi va standartlari umumevropa standartlariga mos keladi va mamlakatning o‘zi YeIning Bojxona ittifoqiga a’zo. Aslida Anqara iqtisodiy jihatdan YeI makoniga integratsiyalasha oldi, garchi u hali ham Yevropa Ittifoqining siyosiy jihatdan to‘laqonli a’zosi bo‘lmagan bo‘sada.

Turkiya o‘z hududida jahon brendlarining yirik ishlab chiqarish bazasini yaratib, ular yordamida Yevropa bozorining ancha keng assortimentini qo‘lga kiritdi, shuningdek, mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasini (ko‘pchilik zavodlarda 70 foizgacha) bosqichma-bosqich oshirmoqda. Eng muhimi, katta tajriba, malakali kadrlar va bilimlar milliy avtomobil modelini yaratish ishonchini oshirdi.

2022 yilda "T10X" birinchi seriyali avtomobillar — ilk turk elektromobili Bursadagi "TOGG" zavodi konveyeridan chiqdi. Bu korxona Turkiyaning beshta kompaniyasi (to‘liq nomi Türkiye’nin Otomobili Girişim Grubu, ya’ni Turkiya avtomobili tashabbus guruhi) ishtirokida davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritadi.

Ayni paytda gibrid va elektr dvigatelli "Turk avtomobili"ning besh xil modelini ishlab chiqarish ustida ish olib borilmoqda. Yangi mahsulotlar sifat jihatidan xorijiy analoglardan ortda qolmaydi. Lekin ulardan kamida 5 foizga arzon.

Yuqoridagi muvaffaqiyatlar Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anga "Turkiya "Turkiya asri" tamoyili bilan katta maqsadlar sari olg‘a qadam tashladi, endi maqsadimiz rivojlangan davlatlarga yetib olish emas, balki ularning oldingi saflarida o‘z o‘rnimizni egallashdir", deya ta’kidlash imkonini berdi.

Avtomobilsozlik sanoati rivojlanishi mashinasozlik sanoatining boshqa segmentlari o‘sishiga ham yordam berdi. Masalan, "TürkTraktör" kompaniyasi yiliga 50 ming traktor ishlab chiqaradi va mahsulotining 25 foizi dunyoning 130 ta davlatiga eksport qiladi. Hozirgi kunga kelib, "TürkTraktör" zavodi Yevropadagi eng yirik traktor ishlab chiqaruvchisiga aylangan.

Avtosanoatning o‘sishi Turkiya allaqachon tashqi bozorlarga eksport qila boshlagan harbiy texnika, ayniqsa, yengil zirhli jangovar mashinalar va boshqa turdagi yo‘ltanlamas avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkonini ham berdi.

Avtomobillar turlarini ko‘paytirish va sifatini oshirish mamlakatda turmush darajasini yaxshilaydi, atrof-muhitning ifloslanishini yumshatishga olib keladi, elektr transport vositalarining o‘sishi esa neft va gaz resurslarining tashqi ta’minotiga, importga bog‘liqlikni kamaytiradi. Chunki Turkiya importga har yili 40 milliard AQSh dollaridan ortiq mablag‘ sarflaydi.

Ekspertlar ta’kidiga ko‘ra, Turkiya yirik ishlab chiqarish quvvatlariga va rivojlangan ilmiy-texnik bazaga ega. Mamlakatning diversifikatsiyalangan import va eksport bozori unga dunyodagi eng yirik o‘nta avtomobil ishlab chiqaruvchilardan biriga aylanish imkonini taqdim etishi mumkin.

Xalqaro sifat standartlariga javob beradigan Turkiya avtomobilsozlik sanoati hali tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmagan ersa-da, bugungi kunda samaradorlik nuqtai nazaridan o‘zini namoyon etish imkonini bermoqda.

Shu bilan birga, Turkiya avtomobil sanoatining ishlab chiqarish quvvati kengaymoqda va yangi bozorlarni talab qilmoqda. Hozirgi kunda Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya va Ispaniya turk avtomobilsozlik mahsulotlarining asosiy xorijiy xaridorlari bo‘lsa-da, qo‘shni rivojlanayotgan mamlakatlar bozorlariga kirish istagida bo‘lgan kompaniyalar bilan eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish tendensiyasi kuzatilmoqda. Shuningdek, Anqara Yaqin Sharq, Sharqiy Yevropa va MDHdagi qo‘shni davlatlar bozorlarida ham o‘z ishtirokini oshiryapti.

Raqobatbardosh va malakali ishchi kuchi, dinamik mahalliy bozor va qulay geografik joylashuvi bilan birgalikda Turkiya avtomobilsozlik sanoatining global qiymat zanjirining ajralmas qismiga aylanishga muvaffaq bo‘ldi.

Manba