Turkiyadagi O‘zbekiston fuqarolariga murojaat qilindi
O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi Turkiya hududida vaqtinchalik bo‘lib turgan fuqarolarga murojaat qildi.
Ta’kidlanishicha, Turkiyada yangi turdagi koronavirus epidemiyasi tufayli parvozlarning bekor qilinishi sababli viza/vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish muhlatlari o‘tkazib yuborilgan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan jazolar qo‘llanilmasligi yuzasidan qaror qabul qilingan edi.
Turkiyada epidemiologik vaziyatning barqarorlashib borishi, qator xorijiy davlatlar bilan aviaqatnovlarning tiklanishi sababli Turkiya hukumati bu yo‘nalishda qo‘shimcha choralar qabul qilmoqda.
Xususan, Turkiya IIV tomonidan tarqatilgan yo‘riqnomaga asosan, mamlakat hududini ma’lum sabablarga ko‘ra tark etmagan chet el fuqarolari (transport aloqalari to‘xtatilgan vaqtdan vaziyat normallashgan muddatga qadar) hamda kirish vizasi va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish muhlatlari o‘tkazib yuborilgan xorijiy fuqarolar, Turkiyaning o‘z davlatlari bilan transport qatnoviga ruxsat berilganidan so‘ng bir oylik muhlatda chiqib ketishlari yoki viza/vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish muddatini qaytadan rasmiylashtirishlari zarur.
Shu sababli, Turkiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga Turkiya tomonidan qabul qilingan ushbu qaror talablarini inobatga olish va koronavirus kasalligidan o‘zini himoyalash bo‘yicha barcha zarur talablarga rioya etish tavsiya etiladi.