Turkiyadan keltirilgan shaftoli ko‘chatlarida kasallik aniqlandi

Samarqand viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi xodimlari tomonidan mamlakatimizga import qilinayotgan mahsulotlarda karantin ob’yektlari kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida zarur choralar ko‘rilyapti.
Yaqinda Samarqand tashqi iqtisodiy faoliyat maskanida faoliyat yuritayotgan o‘simliklar karantini inspektorlari viloyatga Turkiya davlatidan import qilingan 126 ming 156 dona karantin ostidagi mahsulot, ya’ni shaftoli ko‘chatlaridan namunalar olib, markaziy fitosanitariya laboratoriyasiga jo‘natildi.
Ekspertiza xulosalari shaftoli ko‘chatlari “Olxo‘ri chechagi virusi” (Plum Pox virus (PPV) va “Yashil empoaska” (Empoasca decipiens) karantin ob’yektlari bilan zararlanganligi aniqlandi.
Boshqarma axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu karantin osti mahsulotlari belgilangan tartibda yoqib yuborish usuli bilan yo‘q qilindi.