Turkiyalik jurnalistlar mehmonimiz
Turkiyaning Kastamonu shahridagi “Xabar36” nashri jurnalistlari Samarqandga sayohati chog‘ida “Zarafshon” gazetasi va zarnews.uz sayti faoliyati bilan tanishdi, viloyat matbuoti tarixi muzeyini ko‘zdan kechirdi.
– Samarqandga safarimiz taassurotlarga boy bo‘lmoqda. Shuning uchun yana bir necha kun qolib, lavhalar tayyorlaydigan bo‘ldik, - deydi gazeta bosh muharriri Gulay Ajar xonim. - Chunki birgina “Boqiy shahar” majmuasida ko‘rganlarimiz bir olam. Majmuadagi milliy hunarmandlik ustaxonalari va mahsulotlari, sharqona bozor va milliy choyxonalar haqida soatlab gapirish mumkin. Aholining mehmondo‘stligi va samimiyligi ham bizni hayratlantirdi. Biz ota yurtimizda mehr va e’tibordan bahramand bo‘layotganimizdan juda xursandmiz.
110 yillik tarixga ega “Zarafshon” gazetasining muzeyi ham biz uchun kutilmagan maskan bo‘ldi. Yana uch kun davomida Samarqandda qolib, turli mavzularda lavhalar tayyorlaymiz, qardosh xalq turmush tarzi, madaniyati, qadriyatlari bilan yaqindan tanishmoqchimiz.