Turkiyaning milliy birlashish kuni Samarqandda ham nishonlandi
2016 yil 15 iyul kuni Turkiya Respublikasida Fetullohchi terror tashkiloti, ya’ni FETO tomonidan harbiy to‘ntarish amalga oshirishga urinish kuzatilgandi. Ular konstitutsiyaga zid ravishda harakat qilib, Prezident Rejep Toyib Erdog‘anga suiqasd uyushtirish va mamlakatda harbiy hukumat o‘rnatishni maqsad qilgandi.
Turkiya xalqi bu voqealarga qarshi birlashib, demokratik qadriyatlarga sodiqligini namoyon etgan, natijada bu fitna amalga oshmagan, mamlakatning demokratik davlat tuzumi saqlab qolingan edi.
Shu sababli Turkiya xalqi va mamlakatning xorijiy davlatlardagi idoralari har yili 15 iyulni "Demokratik va milliy birlashish" kuni sifatida yodga oladi va nishonlaydi.
Samarqand shahridagi Turkiya Respublikasining bosh konsulxonasida bugun ushbu sana munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, hokimlik vakillari, ziyolilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda ayni paytda Samarqandda yashayotgan va faoliyat yuritayotgan Turkiya fuqarolarining bir guruhi taklif etilgan tadbirda o‘sha voqealar yodga olindi.
Samarqanddagi Turkiya Respublikasi bosh konsuli Salih Janer bu haqda gapirib berdi.
– 15 iyul kuni FETO tomonidan Turkiya milliy majlisiga binosiga hujum uyushtirilishi, Anqara va boshqa yirik shaharlarda ko‘chalar, turli bino va inshootlarning egallab olinishi aholini sarosimaga solgan edi, – dedi konsul. – O‘sha paytda mehnat ta’tilida bo‘lgan Prezident televideniye orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish qilib, xalqni birdamlikka, mamlakatdagi demokratik tuzumni saqlashga, buning uchun ko‘chaga chiqishga da’vat etdi. Mana shu omil va Turkiya xalqining birdamligi yovuz kuchlarning qabih niyatlarini amalga oshirishlariga to‘sqinlik qildi. Keyinchalik bu tashkilot va uning xorijdagi vakillari ham Turkiyaga deportatsiya qilinib, javobgarlikka tortildi. Ko‘plab xalqaro tashkilotlar va davlatlar FETOni terrorchi tashkilot, deb e’lon qildi.
Tadbirda 2016 yil 15 iyuldagi voqealar aks etgan surat va vidolavhalar namoyish etildi.