Turli mamlakatlardagi eng noodatiy futbol maydonlari
Mubolag‘asiz futbol dunyodagi eng ommabop sport turi va odamlar bu o‘yindan zavqlanishni, eng kutilmagan joylarda va g‘alati xususiyatlarga ega stadionlar qurishni xohlashadi. Bugun Yer yuzidagi eng noodatiy futbol maydonlari bo‘ylab sayr qilamiz.
Hyonningsverdagi futbol maydoni
Bu ro‘yxatga Norvegiyaning go‘zal Hyonningsverorolida joylashgan kichik stadionni qo‘shmasa bo‘lmaydi. Maydonning zumradli maysazori uni orol ichidagi orolga o‘xshatadi. Stadion ajoyib tarzda ulug‘vor qoyalar va dengiz bilan uyg‘unlashgan holda turadi.
Ushbu maydonda faqat mashg‘ulotlar va havaskorlar musobaqalari o‘tkaziladi, chunki haqiqiy o‘yin davomida to‘p juda tez dengizga tushib qolish ehtimoli bor.
Ernando Siles maydoni
Boliviyaning La-Pas shahridagi Ernando Siles Olimpiya stadioni mye’mor Emilio Vilyanuyeva tomonidan ishlab chiqilgan, stadionda hech qanday badiiy imzo yoki nafis dizayn izlari yo‘q. Bu sport majmuasi o‘ziga xoslikdan yiroq va futbol o‘ynash uchun eng chiroyli bino sifatida sovringa ega bo‘lmasligi aniq.
Biroq, stadionning o‘ziga xos xususiyati bor – u 3637 metr balandlikda qurilgan. Ishoning, bu ko‘plarning bosh aylanishi uchun yetarli.
Braga shahridagi shahar stadioni
Ro‘yxatdagi navbatdagi stadionga tashrif buyurish uchun Portugaliyaga, aniqrog‘i, mamlakat shimolidagi Braga shahriga borish kerak. O‘ziga xos jozibali bu mahobatli shaharda dunyodagi eng ajoyib futbol stadionlaridan biri – “Estadio da Pedreira” yoki “Estadio Municipal de Braga” stadioni joylashgan.
Bir paytlar ushbu futbol maydoni o‘rnida tog‘ bo‘lgan va hududning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan me’morlar mohirlik bilan stadionni atrof-muhit bilan bog‘lab, qoyalarga chiroyli tarzda joylashtirgan.
30 mingdan ortiq tomoshabinni sig‘dira oladigan stadionga birinchi marta kelgan kishi hatto o‘yinni tomosha qilishni unutib qo‘yadi. Braga ajoyib manzaradan bahramand bo‘lishni afzal ko‘radigan mehmonlarni maftun etishda davom etmoqda.
Singapurdagi suzib yuruvchi stadion
Agar siz bu stadionga tashrif buyurishga qaror qilsangiz, o‘zingiz bilan birga suvda sho‘ng‘ish vasuzish moslamalarini olib borishni unutmang, chunki ular kerak bo‘lib qolish ehtimoli baland, ayniqsa siz o‘yinchilardan biri bo‘lsangiz.
Tom ma’noda suv ustida suzadigan ajoyib futbol stadioniga qarab, o‘z jamoasini qo‘llab-quvvatlaydigan xursand yoki xafa muxlislarningsuvga sakrashlarini tasavvur qilish qiyin emas.
Marina Bay - chinakam noyob futbol stadioni, chunki u Singapurdagi kemalar to‘xtaydigan joyda qurilgan. U 9000 kishi, 200 tonna sahna jihozlariva uchta 30 tonnalik transport vositalariga teng keladigan 1070 tonna og‘irlikni ushlab turishi mumkin.
Tokiodagi Futsal Park Shibuya futbol maydoni
Yaponiya uzoq vaqtdan beri binolar uchun joy tanqisligidan aziyat chekayotgan davlatdir. Buning asosiy sabablaridan biri alohida geografik joylashuv va seysmik faollikdir.
Shu sababli, topqir yaponlar qanday qilibcheklangan joylarga bu yerda paydo bo‘lgan kapsulali mehmonxonalardan tortib, futbol maydonlarigacha ko‘plab noodatiy narsalarni qurishni o‘rganishga majbur bo‘lganlar.
Bo‘sh joy yetishmasligi yapon xalqining futbolga bo‘lgan muhabbatiga soya sola olmaydi. Shuning uchun kunchiqar mamlakatdagi uddaburonlar masalaga maydonlarni binolar tomlarida qurishni boshlash orqali yechim topdi.
Masalan, futzal uchun mo‘ljallangan ushbu Park Shibuya stadioni 2001 yilda FIFA va Adida ko‘magida osmono‘par bino tomida qurildi.
Mesherskiy bog‘idagi futbol maydonchasi
Ushbu to‘plam o‘rmonning o‘rtasida joylashgan, baland va ulug‘vor daraxtlar bilan o‘ralgan ertak sahifalaridan chiqqanga o‘xshash maydon bilan tugaydi, u juda ajoyib va g‘ayrioddiy. Taxmin qilganingizdek, u Rossiyada, aniqrog‘i, Moskva viloyatidagi Mesherskiy bog‘ida joylashgan. O‘yinchilar cheksiz o‘rmonlarning zavq va go‘zalligidan bahramand bo‘lishlari uchun qadimiy o‘rmon o‘rtasida futbol maydoni qurishdan yaxshiroq nima bo‘lishi mumkin.
Afsuski, u yerda tribunalar yo‘q, lekin tomoshabinlar yozda stadion bo‘ylab sayr qilishlari, rezavor mevalar va qo‘ziqorin terib, uylariga qaytishlari mumkin.
Ehtimol, bu joyning yagona kamchiligi chivinlarning ko‘pligidadir. Futbolchilarning aytishicha, bu qonso‘rarlar sportchilar bilan «ziyofat» qilishni yaxshi ko‘radi. Optimistlar esa hatto bunda ham naf bor, deydi, chunki chivin sizni maydon bo‘ylab tezroq harakatlanishga majbur qiladi va o‘yinda g‘alaba qozonishga yordam beradi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.