Turmush chorrahalarida: O‘kinch

Toji chavandoz otini yetaklab darvozadan chiqar ekan, qamchi o‘qtalib xotiniga po‘pisa qildi:                                                   

- Anavi yetimcha tekintomoqlaringga ayt, otxonani tozalab, qo‘ylarni haydab, oyog‘ini yozib kelsin!

“Anavi yetimcha tekinxo‘rlar” - Hurnisoning singlisi Mohiraning o‘g‘illari Salim bilan Olim.

- Xo‘p, aytaman, otasi! – Hurniso ayb ish qilgandek erining nafratli ko‘zlariga dosh berolmay ro‘molining uchini tishladi.

Hammasiga o‘zi aybdor. Singlisi Mohirani Rossiyaga erining orqasidan borishini maslahat bermaganida bu ko‘rguliklar yo‘q edi. Mohiraning eri Ro‘zi to‘ydan keyin Rossiyaga ketib tuppa-tuzuk ishlab, kelib-ketib yurdi. Bu orada o‘g‘illar tug‘ildi. To‘ylarini dabdabali qilib o‘tkazib ketdi, uy-joyini epaqaga keltirdi. Biroq to‘rt yildan buyon daragi yo‘q. Mohira va ikki farzand ota diydoriga zor, yo‘liga ko‘z tikib kun o‘tkazishadi. Mohira mahalladagi to‘yxonada idish-tovoq yuvadi, to‘ydan qolgan sarqit bilan ro‘zg‘or tebratadi. Bolalar ulg‘ayib qolishdi, tengqurlari kabi hech narsaga zoriqmay o‘ynab-kulib yashashni istaydi. Bunga yolg‘iz o‘zining qurbi yetmaydi. Farzandlari ko‘zlarida yo‘qchilikdan paydo bo‘lgan mungni ko‘rganida ezilib ketadi.

Singlisining qiynalganini ko‘rgan Hurniso maslahat berdi:

- Orqasidan bor, biror suyuq oyoqqa ilkashib qolgan bo‘lmasin tag‘in. Bolalaringga mana men ko‘z-quloq bo‘lib turaman. Besh farzandim siqqan uyga sening ikki bolang ham sig‘ar...

Shunga ham to‘rt yil bo‘lyapti. Ikki-uch oyga borib keladi, deb o‘ylagan Hurnisoning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi. Orada bir-ikki marta ozroq pul yuborib, eri bilan tez orada qaytishini bildirgan singlisi dom-daraksiz ketdi. Bolalari endi nima bo‘ladi? Salim o‘n ikkiga, Olim o‘n yoshga kiryapti. Bolalari ahil, inoq, Salim bilan Olimni o‘z tug‘ishganlaridek ko‘radi. Hech bir farzandni ota-ona mehriga zor qilmasin ekan, baribir ularning ko‘ngli kemtik. Ko‘zlaridagi ota-ona sog‘inchidan zoriqqan mungni ko‘rganida Hurniso chidab turolmaydi. Ularni bag‘riga bosib hung-hung yig‘laydi.

- Xola, otam bilan enam qachon kelishadi, - yuragini ezadi Olim.

- Keladi bolam, keladi, bor akanglar bilan darsingni tayyorla...

Ammo oqibat u singlisiga bergan va’dasidek bo‘lib chiqmadi. Bojasi va qaynsinglisining qaytishi cho‘zilib ketgan sayin Toji chavandozning Salim bilan Olimga zo‘g‘imi osha boshladi. Ularga ko‘zi tushsa, zardasi qaynab ketadi, bolalari rizqiga sherik bo‘layotgan tirik yetimchalarga nafrati oshadi.

- Menga qara, xuv xotin, - dedi bir kuni tishlarini g‘ijirlatib, - Toqatimni sinashni bas qil! O‘zimning farzandlarimning tashvishi yetadi, men birovning ko‘chada qolgan yetimvachchalarini boqish kafilligini olganim yo‘q. Obor, yetimxonaga topshir! Vaqtinchalik deganingga indamay qo‘yaqolgandim. To‘rt yil bo‘lyapti, ota-onasining na tirigi, na o‘ligi haqida xabar bor. Sabrim tugadi, yo‘qot!

Eridan bu gapni kutmagan Hurniso ichidan zil ketib, mum tishlab qoldi.

Toji chavandoz Salim bilan Olimni bolalaridan ajratib, darvoza yonidagi tashlandiq hujraga chiqarib qo‘ydi. G‘azabi kundan kunga oshib borardi.

- Otasi qo‘ying, gunoh bo‘ladi, axir ularda ayb nima?

Hurniso o‘ksinib-o‘ksinib unga yalindi. Biroq chavandoz jahlidan tushmadi.

Bir kuni u “qo‘yxonani tozalamabsan”, deb Salimni do‘pposladi. Yana bir kuni “oyog‘im ostida uralashma, yetimcha” deb Olimni yuziga shapaloq tushirdi. Ota-ona mehridan mosuvo bo‘lgan farzandlarning ko‘rgan kunlari qursin. Eri yo‘qligida Hurniso ko‘ngillari singan jigarlarini bag‘riga bosib, hung-hung yig‘lardi. Ertalab jiyanlari yotadigan hujraga kirsa, ular yo‘q. O‘rin ham to‘shalmagan. Hurniso zir yugurib, tanish-bilishlardan surishtirdi, hech kim ko‘rdik demaydi...

- Balki, biror kishi xafa qilgandir? – uchastka noziri Hurnisoga qaradi.

- Yo‘g‘ey, hech kim xafa qilgani yo‘q, - Hurniso ko‘z yoshlarini artdi.

- Mana, qog‘oz, bo‘lgan voqeani yozib, imzo cheking! – nozir unga ruchka-qog‘oz uzatdi. – Tashvishlanmang, men hamma uchastka, nozirlarga xabar berganman, bolalar albatta, topiladi.

- ... Aka, qornim och sovqatyapman. Vakzal ichkarisiga qo‘yishmasmikan? – yig‘lamsiradi Olim.

- Biroz chida, - dedi Salim hurligi kelib, - Poyez kelsin, bir amallab chiqib olaylik.

- Otam bilan enamning manzilini ham, boradigan poyezdini ham bilmaymizku, aka...

Kutilmaganda paydo bo‘lgan millitsioner ularning so‘zlarini bo‘ldi:

- Qani, bolalar, bu yoqqa chiqinglarchi! Nega yashirinib o‘tiribsizlar?

Tog‘aymurod ShOMURODOV.