Turmush chorrahalarida: Uchinchi odam

Agar u rahna solmaganida Botiralining oilasi buzilib ketmasmidi? Nima bo‘lganda ham uchinchi odam aralashishidan Xudo asrasin ekan.

- Assalomu alaykum opajon, keling, xush ko‘rdik, salomatmisiz! - Saragul qo‘li ko‘ksida, nazokat bilan peshvoz chiqib Nisobonuni kutib oldi. U kelin bilan istamaygina ko‘rishib hol-ahvol so‘rashgan bo‘ldi. Zimdan Saragulga razm soldi. Baxtiyorligidan gul-gul ochilib, bir gapirib, o‘n kuladi. Yelib-yugurib so‘riga ko‘rpacha tashladi.

- O‘ting opajon, xush kelibsiz!

«Qurg‘ur buncha chiroyli, ochiq ko‘ngil qaqajon bo‘lmasa, ukamni yuragidan urgani bejiz emas ekan-da… Qancha norozi bo‘lsam ham, shuni deb oyoq tirab oldi».

Ukasi Botirali Saragulga uylanib, ota meros hovlida shiringina yashayotgani Nisobonuning hasadini qo‘zg‘adi. Lekin sir boy bermadi.

- Ko‘p yashang, baraka toping, jigarim Botirali bilan baxtli bo‘ling, - Nisobonu ko‘rpachaga chiqib joylashib o‘tirib olarkan, til uchida kelin-kuyovni duo qilgan bo‘ldi. Ukasining Saragul bilan ota-onasi chirog‘ini yoqib o‘tirganidan ichi kuydi. Begona ayolning ota meros hovliga bekalik qilib, o‘ziniki qilib olgani g‘ashini keltirdi. Nima qilsa ekan, Botiralini bu kelindan qanday sovutsa bo‘ladi?

…Nisobonu har gal ukasinikiga kelganida alamdan ichi kuyib qaytadi. Bir borganida Botiralining Saragulga mehr bilan tikilganini ko‘rib, hasaddan dod deb yuboray, dedi. Kelin qozon-o‘choqqa unnash uchun chiqib ketganida ukasiga o‘qraydi.

- Namuncha yeb qo‘ygudek tikilmasang, xotinchangga, aqli-hushingdan ayiribdi, shekilli? Ahvolingga qara, poyiga patak bo‘lishga ham tayyorsan. Opam kelibdi, deb bundoq xursand bo‘lay demaysan. Rahmatli ota-onam hayotligida qanday fayzli edi bu xonadon. Qara, hammayoq ivirsib yotibdi.

- Yo‘g‘ey, nega unday deysiz opajon? Kelganingizdan men ham, keliningiz ham xursandmiz. Hovli-joyni ko‘ring, qanday orasta, keliningizning poyqadami qutlug‘ kelib, uyimizga xayr-baraka kirdi. 

- Hm-m, - Nisobonuning afti burushdi. - Ko‘rib turibman, allaqachon seni jilovlab olibdi, yonini ol. Xuddi nikoh oqshomida davraga chiqqanday pardoz-andoz qilib olganiga o‘laymi! Tilyog‘lamalik qilib, opajon, deb, girdikapalak bo‘lishini ko‘r. Sal tergab qo‘ysang bo‘ladi. Hozirdan burningga ip o‘tkazib olibdimi, keyin boshingga yong‘oq chaqadi. Mana meni aytdi, deysan. 

- Opa, nima deyapsiz, keliningiz yaxshi ayol, faqat men siz aytgan qizga uylanmaganim uchun uni yomon ko‘ryapsiz. Eshitsa, xafa bo‘ladi.

Opasining g‘iybat qilaverishi Botiralini hamiyatiga tegdi. Qattiq gapirishga majbur bo‘ldi.

- Opa! - dedi bir kelganida. - Yakkayu yagona jigarimsiz, sizni yaxshi ko‘raman, lekin haddingizdan oshmayapsizmi? Oilangizni, jiyanlarimni o‘ylasangizchi, nima qilasiz meni turmushimga aralashib? Xotinim bechora kelishingizdan bezib qoldi. Biror tanbeh bermasmikan, deb yurak hovuchlab o‘tiradi. Yaqinda nasib bo‘lsa, farzand ko‘ramiz, unga ham ta’sir qiladi axir bu g‘idi-bidingiz.

- E, shunaqami? - Nisobonu piching bilan boshini chayqadi. - Ishqilib bola o‘zingdanmi?

- Nima? - Botirali beixtiyor baqirib yubordi. Opasining og‘zidan chiqqan gapi uning ko‘ksiga xanjar qadagandek bo‘ldi.

- Bu nima deganingiz opa, chiqing, keting. Biz endi opa-uka emasmiz. - Botirali boshini changallab o‘tirib qoldi: «Nahotki, balki to‘g‘ridir».

...Hozir u sog‘lom idrok qilishga qodir emasdi.

Tog‘aymurod ShOMURODOV.