Tutumi yo‘qda unum bo‘lmaydi

Bir kuni yosh rahbar o‘z faoliyatidan nolib qoldi:

- Kuyib-pishib ishlayman, tinim bilmayman, kattalar buyurgan hamma ishni uddalashga intilaman, lekin nuqul kamchilik topishadi...

Men undan “qat’iy tutumingiz, ish uslubingiz bormi?” deb so‘radim. U tabiiyki, ish rejasi mavjudligi, har hafta xodimlaridan topshiriqlarni so‘rab turishini aytdi.

Bu tutum emas, xizmat vazifasini bajarish yo‘lidagi harakat ekanligini aytib, undan shaxsiy ish rejasini, ya’ni o‘z ish vaqtini qanday taqsimlashini so‘radim. Ming afsuski, bunday tartibdan xabari yo‘q ekan.  Yosh rahbar “Yangi gazeta-jurnal o‘qiysizmi, zamonaviy rahbarlik uslublarini kuzatasizmi?”, degan savolimga ham aniq javob bera olmadi. Keyin unga har bir rahbar ish vaqtini to‘g‘ri taqsimlashi, hech bo‘lmaganda, bir haftalik ish faoliyatini aniq belgilab olishi zarurligini tushuntirdim. Bundan tashqari, topshiriqni ijro muddatidan sal oldin so‘rashni o‘rganishi, kundalik faoliyatini monitoring qilib borishi va har qanday hisobotga tayyor turishini ta’minlashini aytdim.

“Tutum” degan so‘zni ko‘pchilikka tushunarli bo‘lsin uchun ish uslubi, shakllangan tartib-intizom deb izohlasak, ma’qul deb o‘ylayman. Tutum - o‘ylab, reja asosida qilinadigan ish jarayoni. Tutum uyda, oilada shakllanadi. U xuddi farosat kabi ota-onadan, nasldan o‘tadigan odat. Uni ilm, diplom bilan o‘rganib, o‘zlashtirib bo‘lmaydi.

Keling, fikrimiz isboti uchun yon-atrofimizda ko‘rib turganlarimizga bir nazar tashlaylik.

Mehmonlikka borganda, darvozadan kirgandan hovli yoki uydagi saranjom-sarishtalikka ko‘zingiz tushadi. Ba’zan yaqin orada supurgi tegmagan hovli, dor va daraxtga, ustunga osib qo‘yilgan narsalar, ayniqsa, oshxonada yuvilmagan idish-tovoqlar va ulardan “taralayotgan” hid ta’bingizni xira qilishi tabiiy. Siz beixtiyor uy egasi va bekasining ish tutumiga baho berasiz. Darvoqe, bizda kelin tanlashda, eng avvalo, u yashaydigan hovlining supurgi va hokandoziga qarab baho berishgan. Chunki bu tutum o‘sha qizning kelgusidagi hayotida ham amal qilishini bilishgan.

Erkaklar uchun ham tegishli bu hol. Ota uydagilarni ogohlantirmasdan mehmon yetaklab keladi. Xotini va bolalarini besaranjom qilib, ularga darhol dasturxon tuzashni aytadi. Uyda yo‘q taomlarni topib kelishni buyuradi, kiyimlarini duch kelgan joyga tashlaydi. Mehmon shu xonadonga bemavrid kelganiga pushaymon qiladi.

Yo‘q, bu tasodifiy hol emas. Do‘stlar uchrashib qolganda samimiy diydordan xursand bo‘lib, birga keldi, deb o‘ylamang. Bu - uyiga mehmon olib kelgan kishining tutumi. Ba’zan mehmon oldida nonni ushatishga, choy quyishga, bo‘shagan idishlarni olishga bolalarini jalb qiladiganlarni ko‘ramiz. Ularning tutumi shunaqa. Kibr, farosatsizlik shu ko‘yga solgan.

Eng yomoni, oiladagi tutum hamma yerda odamga hamroh bo‘ladi. Shu sababli ishxonasi sarishtasiz rahbarlarni ko‘rsam, ularning ro‘zg‘ordagi holatini tasavvur etaman. Yoki aksincha, atrofi obod va chiroyli idoraga, shinam, ozoda ish xonalarga kirganda, o‘sha idora rahbarining otasiga rahmat deyman. Chunki uni ota-onasi bolalagidan shu tartibga o‘rgatgan.

Tashkilotlarda ham turlicha holga duch kelamiz. Ayrim xodimlar ish kabinetining havosini tozalab, stol ustini yig‘ishtirib, ertangi rejani yozib qo‘yib, keyin uyiga ketadi. Ayrimlari esa aksincha, o‘z holicha, hatto kompyuterini o‘chirmasdan xonani qulflab ketadi.

Tutumni ichki intizom ham deyish mumkin. Intizomsiz, ya’ni pala-partish yoki faqat yuqorining topshirig‘ini bajarish uchungina yelib-yugurish esa ishda  unum, hayotda baraka bermaydi.

Farmon Toshev.