Tutzordagi muammolarni kim hal qiladi?
Samarqand shahar Tutzor mahallasi Hodi Fayziy ko‘chasidagi uylardan birida 25 yildan beri yashab kelaman, yoshim sakson to‘rtda.
O‘tgan yillar davomida yon-atrofimiz, ko‘chalar ilgarigidan o‘zgarib ketdi, qulayliklar yaratildi, eski “Makaronka” (Kurchatova)dan asar ham qolmadi. Ko‘chaning ikki tomoni ustaxonalar bilan to‘ldi, mahalliy sanoat rayoniga aylandik.
Ammo shu ko‘chaning yuqorisidagi Hodi Fayziy ko‘chasi bo‘yicha ayrim mulohazalarim bor. Avvallari ko‘cha tosh yo‘l edi, bugun asfalt bo‘ldi – davlatimizga rahmat! Lekin shu ko‘cha va uning atrofida avtomobillar harakati, simyog‘ochlar va yangi qurilishlar bilan bog‘liq muammolar bor.
Ilgari ko‘cha boshlanishida “yo‘l bir tomonlama” degan belgi turardi. Hozir esa ikki tomonlama qatnov. Ayniqsa, yuk mashinalarining chiqishi va tushishi ham juda xavfli hisoblanadi. Vaholanki, bu ko‘cha mahallaning ichki, ko‘proq piyodalar yurardigan yo‘li. Ko‘chada xuddi aerodromdan uchgan samolyotdek o‘tadigan mashinalar harakati tartibga olinsa, deymiz.
Mahalladagi simyog‘ochlar nechanchi yillarda qo‘yilgan, bilmadik. Qurilish qilayotgan kishilar simyog‘ochlarni bir-ikki marta ko‘chirib, ularga turli simlarni osib tashlagan. O‘tgan yili shu simlar tufayli bir kishi halok bo‘lgan edi, yaqinda elektr va gaz chaqnashidan mahalladoshimizning uyi tamoman yonib ketdi. Bunga ham mas’ullar e’tibor qaratsa yomon bo‘lmasdi.
Qurilishlar masalasi ham eng og‘riqli muammomiz. Odatda, mahalla ichidagi qurilishlar qo‘ni-qo‘shnilarning roziligi bilan, ularga zarar yetkazmagan holda amalga oshirilishi kerak. Ammo, bizda bunga ko‘pam rioya etishmayapti. Masalan, bizning uyimiz yonida qurilgan besh qavatli imorat egalari “oh-voh”larimizga quloq solmasdan derazalarimizni to‘sib, 1,5 metr oraliq tashlashdi, xolos. Qurilish nazorati degan tushuncha qayerda qoldi? Adashmasam, shunday faoliyat olib boradigan inspeksiya bor. Nahotki, ular shu katta bino loyihalashtirilib, qurilguncha bundan bexabar bo‘lsa?
Xullas, yangi yil boshidan shahar hokimligi va mutassaddi idoralar mahallamizga kelib, shu muammolarni o‘rgansa, xalqning dardlariga quloq tutsa va bizni o‘ylantirayotgan muammolarni hal etib bersa, degan istagimiz bor edi.
Ziyodulla Muqimov,
mehnat fahriysi.