U-20 Jahon chempionati mezbonligi Argentinaga berildi
Futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga Argentina mezbonlik qiladi, deya xabar bermoqda FIFA rasmiy sayti.
Musobaqaning sanasi o‘zgartirilmaydi: turnir joriy yilning 20 mayidan 11 iyuniga qadar o‘tkaziladi. Qur’a tashlash marosimi 21 aprel kuni Syurixda bo‘lib o‘tadi.
Ushbu musobaqa Indoneziyada o‘tishi belgilangandi. Biroq FIFA mart oyi so‘ngida mamlakatni mezbonlik huquqidan mahrum qildi. Indoneziyaning ayrim shaharlari o‘z hududiga Isroil terma jamoasini kiritmasligini aytganidan keyin, FIFA avvaliga qur’a marosimini bekor qilgan, keyinroq Indoneziyadan mezbonlikni tortib olgandi.
Musobaqada 24 ta jamoa ishtirok etadi. Osiyo Kubogidagi g‘oliblik orqali yo‘llanmaga ega bo‘lgan O‘zbekiston U-20 terma jamoasi uchinchi savatchadan joy olgan.