U o‘zbek jurnalistikasida o‘z fenomenini yaratgan edi

Taniqli jurnalist Ahmadjon Muxtorov 1936 yil 23 fevralda Samarqand shahridagi Lolazor mahallasida tavallud topgan.

O‘zbekiston davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan.

Mehnat faoliyatini “Zarafshon” gazetasida musahhihlikdan boshlagan. Keyinchalik tarjimon, adabiy xodim, bo‘lim boshlig‘i, mas’ul kotib, bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

1973 yilda «Zarafshon» gazetasiga bosh muharrir etib tayinlangan. 1986 yildan «Qishloq haqiqati» va «Selskaya pravda» gazetalariga bosh muharrir bo‘lgan.

1991 yil 1 yanvardan “Xalq so‘zi” gazetasi asoschilari qatorida yangi nashrning bosh muharriri vazifasini bajarishga kirishgan.

A.Muxtorov o‘tkir publitsist, mohir jurnalist va yetuk tarjimon sifatida nom qozongan.

2000 yilda vafot etdi.
***
Quyida  «Lenin yo‘li» gazetasining 1961 yil 24 noyabrdagi sonida bosilgan Ahmadjon Muxtorovning arman shoiri Nairi Zaryanning she’ri tarjimasini o‘qiysiz.

Martiros Saryan ustaxonasida

Tabarruk va aziz joylarning doim
Ziyoratgoh bo‘lur qaynoq quchog‘i.
Mana – ota uyi, soyada kursi,
Bu yo‘l maktabgadir, bu – qo‘shni bog‘i.

Quyosh oltiniga to‘lmishdi xonang,
Shunda nurli jahon, hayot, harorat.
Shu yerda qalbimning burchak-burchagi
Saryan peyzajiday rang oldi qat-qat.

Shu yerda bir mag‘rur nafosat bilan
Go‘zallik kasb etar qizlaru gullar.
Uyquchi bir xo‘tik xayol surgancha
Olako‘z o‘ngurida jim, xomush turar.

Bolalikdan yodgor eng aziz narsa
Qalb siri singari bu ustaxona.
Quyoshning zangori nur og‘ushida
Yurakdan zavqlanib turibman, mana.