“U sizlarni yerdan paydo etib, sizlarni uni obod etuvchi qildi”
Muqaddas dinimizning mo‘’tabar manbalarida insonlarni bog‘lar yaratishga, ekin ekishga, obodonchilik qilishga targ‘ib qilgan. Ushbu amallarga Yaratganning ulug‘ mukofati borligini ham ma’lum qilgan. Jumladan, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatlarini mazkur savobli amallarga targ‘ib qilib: “Biron-bir musulmon kishisi bir daraxt o‘tqazsa yoki bir narsa eksa, bas undan qush yoki inson tanavul etib, manfaatlansa, shu sababdan u kishi ehson qilganlik savobiga erishur” deb, marhamat qilganlar.
Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bir musulmon bir daraxt o‘tqazsa yoki bir ekin eksa va uning mevasidan inson yo qush yoki hayvon yesa, unga sadaqaning savobi bordir”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Shu o‘rinda quyidagi rivoyatni aytib o‘tishlik o‘rinli bo‘ladi:
Bir podshoh vaziri bilan sayrga chiqib bir qishloqdan o‘tib borar ekan, bog‘ida ishlayotgan qari cholni ko‘rdi. Chol qarib qolganiga qaramay mehnat qilib daraxt ko‘chatlarini ekayotgan ekan. Cholning bunday mehnat qilishi podshohga juda yoqdi. Podshoh vaziriga shu chol bilan biroz suhbatlashaylik, deya uning oldiga keldi.
Podshoh: “Hormang ota, nima qilyapsiz?”, dedi.
Chol: “Salomat bo‘ling, shohim. Mevali daraxt ekyapman”, dedi.
Podshoh: “Otaxon, bularning mevalarini yeyish sizga nasib etarmikan, axir siz qarigan bo‘lsangiz, bu daraxtlar ko‘p yillardan so‘ng hosil beradi-ku?”, dedi.
Chol: “Bularni yeyish menga nasib etmasa kerak”, deb javob berdi.
Podshoh: “U holda nega o‘zingizni bunchalar qiynab mehnat qilib daraxt ekyapsiz? O‘zingiz mevasini tatib ko‘rmasligingizni bila turib daraxt ekyapsiz-a?”, deb so‘radi.
Chol: “Podshohim, bizdan oldingi ota-bobolarimiz ekdilar, biz yedik. Endi biz ham ekamiz va bizdan keyingilar yeyishsin”, dedi.
Bu javob podshohga ma’qul bo‘ldi va cholga bir hamyon oltin berdi. Chol oltinlarni olib: “Allohga shukurlar bo‘lsinki, bizning daraxtimiz bugunning o‘zida hosil berdi”, dedi.
Bu javob podshohga yoqdi va cholga yana bir hamyon oltin berdi.
Chol: “Allohga hamdu sanolar bo‘lsinki, hamma daraxtlar bir yilda bir marotaba hosil bersa, mening ekkan daraxtim ikki marotaba hosil beradi”, dedi.
Podshoh o‘z yo‘lida davom etdi. Chol juda xursand bo‘lib, qo‘lini duoga ochdi: “Yo Robbim, sen buyuksan men vaqtimni bekor o‘tkazmay sening roziliging uchun daraxt ekaman”, dedi.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) shunday deganlar: “Qiyomat kuni bo‘lsa ham qo‘lida bir nihol bor odam uni eksin”.
Dinimiz ko‘rsatmalarida yer yuzini obod qilish, undan unumli foydalanishga targ‘ib etilib, qarovsiz holda tashlab qo‘yilishiga salbiy munosabat bildiriladi. Jobirdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Allohga ishonib, savob umidida qarovsiz yerni obod qilsa, Alloh uning ishiga yordam va baraka beradi”, deganlar (Tabaroniy rivoyati).
Ma’lumki, bugungi kunda aholining bandligi, ayniqsa qishloq joylarda ish masalasi qiyin ekani hech kimga sir emas. Prezidentimiz boshlab bergan ochiqlik siyosati tufayli bu muammolar asta-sekin o‘z yechimini topmoqda.
So‘ngi vaqtlarda fuqarolar, tadbirkorlar, fermerlarning yerlari olib qo‘yilishi hamda boshqa birovga sotib yuborilish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa, aholini tadbirkor va fermerlarni e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda edi.
Yer maydonlarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy munosabatlar ob’yekti sifatida erkin muomalaga kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.
Islom shari’atida ham yerga bo‘lgan munosabatlar, unga egaliq qilish huquqi, obod etish kabi masalalar aniq yoritilgan. Jumladan, Hadisi shariflarda shunday deyiladi:
“Oysha raziyallohu anho Nabiy sallollohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadislarida: “Kim birovniki bo‘lmagan yerni obod qilsa, (o‘sha yerga) eng haqli kishi o‘shadir” , dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Said ibn Zayid raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Kim biron-bir o‘lik yerni tiriltirsa, u uning uchundir. Zolimning tomiri uchun biron-bir haq yo‘q” (Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
Rofi’ye ibn Xodij raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollollohu alayhi va sallam: “Kim bir qavmning yerida ularning ruxsatisiz ziroat qilsa, u odamga ziroatdan biror narsa bo‘lmaydi va unga uning nafaqasi bordir” (Abu Dovud va boshqalar rivoyati).
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Alloh bizlarga ne’mat qilib bergan yerni asrab-avaylash, uni muhofaza qilish, tashlandiq va qarovsizlikka aylanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik har bir kishining insoniylik burchidir.
O‘z navbatida, davlatimiz rahbarining mazkur farmoni yer munosabatlarini har qanday ko‘rinishini tartibga solishda shaffoflikni va adolatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Zayniddin Eshonqulov,
Samarqand viloyat bosh imom-xatibi.