Uch kun muddatda barcha mahalla va qishloqlarda asosiy mahsulotlar ta’minlanishi kerakligi aytildi
Prezident raisligida o‘tkazilayotgan aholini oziq-ovqat, jumladan, chorvachilik va parrandachilik mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektorda mutasaddilarga bu bo‘yicha topshiriq berildi.
“Dunyoda kun sayin oziq-ovqat bilan bog‘liq cheklovlar va narxlarning o‘sishi kuchaymoqda. Albatta, bu bizga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Lekin, hamma viloyat, tuman va shahar hokimlari ham dunyoda bo‘layotgan vaziyatni baholab, ishini to‘g‘ri tashkil qilayotgani yo‘q. Buni bozorlarimizdagi narx-navo ko‘rsatib turibdi.
Jumladan, may oyida inflyasiya darajasi 1 foizga oshib, bu o‘tgan yilga nisbatan yuqori bo‘ldi.
Albatta, narx-navoning o‘sishiga jahon bozorlarida bug‘doy narxi 50 foizga, o‘simlik yog‘i – 33 foizga, shakar – 14 foizga, neft – 47 foizga oshgani bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bunday sharoitda hokimlar barcha ichki imkoniyatlarni safarbar etib, bozorlarni mahsulotlar, eng muhimi – oziq-ovqat bilan to‘ldirish uchun ikki karra ko‘proq ishlashlari shart.
Lekin, ko‘p hokimlar narx-navoga e’tibor qilmasdan, jilovni qo‘lidan chiqarib yuborgan”, dedi Prezident yig‘ilishda.
Yig‘ilishda uch kun muddatda barcha mahalla va qishloqlarda asosiy mahsulotlar bilan ta’minlash darajasini o‘rganib, kerak bo‘lsa, boshqa hududlardan tezkorlik bilan yetkazib berish vazifasi qo‘yildi.