Uch oylik yozgi ta’til zaruratmi yoki an’ana? Yoxud hamma biladigan, lekin hech kim shug‘ullanmaydigan muammo xususida
Yaqinda Amerikada oilaviy yashayotgan tanishim bilan suhbatda bo‘ldim. “Yozgi ta’tilda bolalaringiz zerikkandir, qishloqqa jo‘natmaysizmi?”, degan savolimga u “Bu yerda ta’til bekorchilik uchun berilmaydi”, deya javob berdi. Uning aytishicha, Amerikada bolalar yozda ham maktabdan uzoqlashmay, turli to‘garak va qo‘shimcha mashg‘ulotlarda qatnashadi.
Ayni amaliyot o‘zlashtirishi sust bolalar uchun majburiy hisoblanarkan. Tabiiyki, bu menda qator savollarni keltirib chiqardi. Amerikalik o‘qituvchilar yozda dam olishmaydimi? Umuman, yozgi ta’til o‘quvchi va o‘qituvchi hayotida qanday o‘rin tutadi?
Xorijdagi maktablar huvullab qolmaydi
Mazkur savollar asosida ma’lumot to‘plashga harakat qildim. Keling, avvalo, Amerikadagi yozgi ta’til masalasiga batafsilroq to‘xtalamiz. Qo‘shma Shtatlardagi ta’lim ta’tillari haqida bir nechta manbalarni solishtirib bildimki, bu yerda har bir shtat ta’tillar vaqti va muddatini o‘zi belgilar ekan. Uning muddati shuningdek, maktab o‘quvchilarining yoshiga qarab ham farqlanishi mumkin. Aytaylik, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ko‘proq ta’til berilsa, yuqori sinfdagilarga teskarisi. Yozgi ta’til ko‘pi bilan 9-10 hafta davom etadi. Aksariyat shtatlarda darslar avgust oyidan boshlanadi. Yana savol tug‘iladi, amerikalik o‘quvchilar kamroq dam oladimi? Yo‘q, umumiy hisobda u yerdagi o‘quv kunlari (180 kun davlat muassasalari va 170 kun xususiy maktablarda) biznikidan kamroq. Faqat Amerikada ta’tillar vaqti nisbatan mutanosib taqsimlangan.
14 yildan buyon oilam bilan Amerikadamiz, - deydi Nyu-York shahridagi 180-davlat maktabida hamshira bo‘lib ishlayotgan Nigora Indiaminova. - Bizning maktabda yozgi ta’til 28 iyunda boshlanib, 8 sentyabrga qadar davom etadi. Bu oraliqda maktabning huvullab qolganini ko‘rmaysiz, yozgi ta’tilda uyida qolgan o‘quvchilarning ko‘pchiligi vaqtini shu yerda o‘tkazadi. Aytish joizki, yoshlarning bo‘sh vaqtini maqsadli tashkil etish hukumat nazoratida hamda maktablarda buning uchun barcha sharoitlar yaratiladi. To‘garaklar yil davomida faoliyatini to‘xtatmaydi.
Ta’lim haqida gapirganda, albatta, Yaponiyani tilga olmaslikning iloji yo‘q. Buni qarangki, kunchiqar mamlakatda o‘quv yili sentyabrdan emas, aprel oyidan boshlanar ekan. Yozgi ta’til esa 20 iyuldan avgust oyining oxirigacha (besh hafta) davom etadi.
Darvoqe, Yaponiyadagi maktablarda darslar ikki navbatda o‘tiladi. O‘quvchining erta tongdan kechgacha maktabda bo‘lishi oddiy hol va bu hech kimni xavotirga solmaydi. Aksincha, ta’lim maskanida bolalarning vaqti to‘g‘ri tashkil etiladi.
Guvohi bo‘lganingizdek, yapon maktablaridagi yozgi ta’til ham bizning standartlarimiz bo‘yicha juda qisqa. Ularning fikricha, o‘quvchining hordiq chiqarishi uchun besh hafta ortig‘i bilan yetadi. Shunga qaramay, ta’tilda bolalarning aksariyati maktabga borishda davom etadi. Sababi, dam olish kunlarida u yerda o‘qituvchilar yoki qo‘shimcha taklif etilgan murabbiylar boshchiligida “qiziqish" guruhlari ochiladi. Shu tarzda yoshlar yangi faoliyatni ham o‘ziga tanish muhitda o‘rganishi mumkin bo‘ladi.
Bizda-chi? Bolalar yozgi ta’tilni qanday o‘tkazyapti?
Ma’lumotlarga ko‘ra, yakunlangan o‘quv yilida viloyatdagi 1265 ta maktabda o‘quvchilar soni 756881 nafarni tashkil etgan. Bizda o‘qituvchilar yozda yoppasiga mehnat ta’tiliga chiqarilishini inobatga olsak, shuncha o‘quvchi yozni yo uyida, yo oromgohda o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Mana shu joyida muammo boshlanadi. Gap shundaki, mavsum boshida viloyatda 16 ta yozgi oromgoh hamda 66 ta kunduzgi (maktablarda tashkil etilgan) oromgoh faoliyat ko‘rsatayotgani, ularda 23395 nafar bolani sog‘lomlashtirish rejalashtirilgani ma’lum qilingan edi. Raqamlardagi farqni ko‘ryapsizmi? Bu o‘quvchilar umumiy sonining 5 foizi ham emas. Xo‘p, ularning yana 10 foizi (75 ming nafar o‘quvchi) turli to‘garak yoki sport mashg‘ulotlariga (aslida buncha bo‘lishi dargumon) qatnaydi, deylik, yana 86 foiz o‘quvchi uch oylik ta’tilni rejasiz o‘tkazayotgan bo‘lib chiqmoqda.
Oromgohlar masalasiga qaytsak, eng ko‘p qamrov kunduzgi oromgohlarda (14 ming nafarga yaqin) ekan. Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari to‘g‘risidagi nizom bilan tanishsangiz, kunduzgi oromgohlar uchun tavsiya etilgan “Madaniy-ma’rifiy tadbirlar” dasturi ko‘zni quvontiradi. To‘g‘ri, unda bolalarning iqtidorini rivojlantirish masalasiga umumiy tarzda yondashilgan, biroq bor-yo‘g‘i 10 kunlik mashg‘ulotlar bo‘lsa-da, unda yoshlar xalq o‘yinlari bilan tanishishi, yo‘l harakati qoidalarini o‘rganishi, ijod bilan shug‘ullanib, dunyoqarashini kengaytirishini tashkil etish masalasiga e’tibor qaratilgan. Qolaversa, barcha muassasalar bu dasturga qo‘shimchalar kiritishi, uni takomillashtirishi mumkin. Xo‘sh, amalda shunday bo‘lyaptimi?
Ayni savolning javobini Payariq tumani misolida qidirib ko‘rdik. Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutaxassisi Y.Mardiyevning ma’lumotiga ko‘ra, tumanda 102 ta maktab bo‘lib, shundan 5 tasida kunduzgi oromgoh tashkil etilgan. Ularning har birida 4 navbatda 160 nafargacha bola sog‘lomlashtirilishi belgilangan. Ammo holatni o‘rganish uchun joylarda bo‘lganimizda hafsalamiz pir bo‘ldi. Xususan, 74-umumta’lim maktabidagi oromgoh faoliyati sahnalashtirilgan bo‘lib chiqdi. Buni aniqlash unchalik qiyin bo‘lmadi. Biz shunchaki bolalardan qachondan beri oromgohga qatnayotganliklari haqida so‘radik. O‘ntadan to‘qqiztasi birinchi marta kelayotganini aytdi. Vaholanki, o‘sha vaqtda ikkinchi navbatga jalb etilgan bolalar 7 kundan beri mashg‘ulot o‘tayotgan bo‘lishi kerak edi. Axborot texnologiyalari to‘garagida bolalar vaqtini multfilm tomosha qilish bilan o‘tkazyapti. Boshqa mashg‘ulotlar ham xo‘jako‘rsinga tashkil etilgani ko‘rinib turibdi.
Tumandagi 71-umumta’lim maktabida vaziyat birmuncha yaxshi. Har holda bu yerdagi bolalar bir kun oldin qanaqa mavzuda mashg‘ulot o‘tishganini eslay olmagan bo‘lsa-da, har kuni kelayotganini aytishdi. Maktab direktorining aytishicha, maktabda mental arifmetika, xorijiy tillar hamda sport to‘garaklari faoliyat yuritar (biz borganda ularni ko‘rishning imkoni bo‘lmadi) ekan. Biroq mas’ullarda oromgohni tashkil etish bo‘yicha biror reja yoki dastur yo‘q. Jarayonga jalb qilingan o‘qituvchilar bilan ham hech qanday rasmiy shartnoma tuzilmagan. Amalda ular mehnat ta’tilida. Lekin bizga bildirishgani bo‘yicha, ularga ishlab bergan kunlari uchun ayrim “yengillik”lar berilar ekan. Tizimning xatosi, ayrim joylarda ochiqchasiga qonunga xilof ishlayotganidan darak emasmi bu? Pedagoglarning huquqlari, qonun ustuvorligi degan tushunchalar qayerda qoldi?
Hududdagi oddiy maktabga ham kirdik. Bir-ikki nafar rahbar va ishchi-xodimlardan bo‘lak hech kim yo‘q. To‘g‘ri, bizgacha ingliz tili bo‘yicha to‘garak a’zolari kelgan ekan. Lekin u ham faqat 10-15 nafar bolani qamrab oladi. Qolganlar nima qiladi? Xullas, har uchala holat yoshlarning va o‘qituvchilarning ziyoniga ishlayotganini ko‘rsatdi.
Nega yozgi ta’til aynan uch oy davom etadi?
Ishonish qiyin, lekin shu savol bilan bir emas, o‘nlab pedagog va mutaxassislar, faxriy ustozlarga murojaat qildik. Deyarli barchasining javobi “Bu haqda o‘ylab ko‘rmagan ekanmiz”, bo‘ldi. Nahotki, sobiq ittifoq davridan buyon davom etayotgan bu an’ananing pedagogik yechimi yoki tahlili natijalari yo‘q? Agar bo‘lsa, u bugungi davr va talablarga javob beradimi? Navbatchi javoblar esa doimo bir xil: “Issiqda o‘qib bo‘lmaydi”, “Yozda o‘quvchi ham, o‘qituvchi ham charchaydi”. Agar masala faqat shunda bo‘lsa, ekvatorga yaqin mamlakatlarda yil 12 oy ta’til bo‘lishi kerak emasmidi? Issiq havo aqliy faoliyatimizga shunchalik yomon ta’sir qilsa, nega abituriyentlar yoz davomida o‘qib, imtihon topshiradi? Bu ularning bilimi to‘laqonli baholanmayotganini anglatmaydimi? Unda oliy ta’limga kirish imtihonlarini, umuman, o‘quv yili boshini boshqa faslga ko‘chiraylik.
Ayni savolga “Yozda o‘quvchi va o‘qituvchilar qo‘shimcha ishlaydi, daromad qiladi”, deya javob berganlar ham bo‘ldi. To‘g‘ri, qadimda madrasalarda tahsil olgan ota-bobolarimiz kun ko‘rishi, oilasiga daromad keltirishi va asosan madrasadagi osh pulining haqini chiqarishi uchun dalada yoki vaqf yerlarida ishlagan ekan. Shu bois ularga oz emas-ko‘p emas, naqd 6 oy ta’til berilgan. Bugun ham shunday demoqchimisiz? Hozir pul topishning eng samarali yo‘li aqlni ishlatish emasmi? Bundan 20 yil oldin, bizning bolalikda ham birorta tengdoshimiz yozda ishlab, tog‘ni talqon qilgan emas. Umuman, bu yoshda va issiq havoda ishlash ta’lim olishdan ko‘ra qiyinroq. Albatta, qishloq joylarda mol-holga qaraladi, hosil teriladi. Biz ham yoshlikda shu ishlarni qilganmiz. Xo‘sh, bu nima berdi? Nazarimda, shunchaki vaqtimizni yo‘qotdik. Bolani mehnatga o‘rgatish uchun darsdan keyingi vaqt ham yetarli. Qolaversa, hozir qishloqlarda bolalarning yozgi bo‘sh vaqtiga qarab qolgan yumushning o‘zi yo‘q. Harqalay, bolalar mehnatidan voz kechdik, qishloq xo‘jaligi sohasi ham texnikalashib bormoqda.
Pedagog mehnat ta’tilidan manfaatdor emas(mi?)
Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi bergan axborotga ko‘ra, o‘qituvchilarning yozgi ta’tili 56 kalendar kunidan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Bayram sanalari va dam olish kunlari ta’til hisobiga kiritilmaydi, albatta. Bunda pedagog xodimlar ish vaqtining aniq davomiyligi va yillik uzaytirilgan mehnat ta’tilining davomiyligi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi. Hartugul shu kunlarda ularning ta’tili ikki oyga yaqin davom etib, ish avgustdan boshlanadi. “Ish” deganimiz dars o‘tish, to‘garaklar tashkil etish emas, hujjat to‘plash, eski dasturlarni yangilash va sinfxonalarni tartibga keltirish. Sohada ishlayotganlarning aytishicha, bu ham bir necha kunlik yumush. Qolgan vaqtda ular shunchaki direktorga ko‘rinib ketish uchun maktabga keladi.
O‘qituvchining ta’tilda qo‘shimcha pul topishi masalasiga to‘xtalamiz. Endi o‘ylab ko‘ring, malakali, o‘z ustida ishlab, yuqori natijalarga erishayotgan o‘qituvchilar oyiga ming dollar va unday ziyod oylik olishi mumkin bo‘lgan davr keldi. Ular ikki oylik ta’tilda qancha topishi mumkin? Avgustda ishga chiqishsa ham keyingi oylik sentyabrda beriladi, ya’ni 3 oy oyliksiz yurish kerak. Albatta, bunaqa sharoitda qo‘shimcha ishlash, kerak bo‘lsa, mardikorlik qilishga ham to‘g‘ri keladi. Yo‘q, biz bu bilan o‘qituvchilarning mehnat ta’tilini qisqartirish kerak, demoqchi emasmiz. Ko‘pchilik pedagoglar “Siz yozgi ta’tilda zerikib qolmaysizmi?”, degan savolimizni shunday talqin qilib, xavotirga tushishdi.
Bilishni istaganimiz, o‘qituvchilar ta’tilini o‘zi istagandek o‘tkaza olyaptimi? Nega ular dam olish vaqtini o‘zi tanlay olmaydi? Agar tanlay oladi, desangiz, tizimning o‘zi bunga tayyor emas-ku?! To‘g‘ri-da, o‘qituvchi qishda ta’tilga chiqsa, yozda nima qiladi, o‘z hisobidan dam oladimi? Ayrim xorijiy davlatlarda ta’tilga chiqadigan o‘qituvchining o‘rniga shartnoma asosida boshqa o‘qituvchi yollash mumkinligi yoki ta’lim boshqarmalarida shu holat uchun maxsus pedagoglar guruhi yaratilganligi haqida eshitgan edim. Bizda buning iloji yo‘qmi? Yoki ta’tildagi o‘qituvchi o‘z xohishi bilan maktabga qaytib, to‘garak tashkil etmoqchi bo‘lsa, uni munosib rag‘batlantirish tizimi ham bo‘lishi kerak. Yoppasiga ta’tilga chiqarilish, ta’til vaqtida qonunga zid ravishda ishga jalb qilinish, ishga chiqib ham (avgustda) vaqtni bekor sarflash pedagoglarning kasbiga bo‘lgan mehrini so‘ndiradi.
- O‘z kasbini sevadigan, fidoyi o‘qituvchi uchun yozgi ta’til bir sinov, - deydi O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi Feruza G‘afurova. - To‘g‘ri, u o‘quv yili davomida ham jismonan, ham ruhan charchaydi va quvvatini tiklab olishi uchun vaqt kerak bo‘ladi. Biroq pedagogning dam olish vaqti va shaklini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun sharoit ham kerak. Misol uchun, bizda chorakliklar davri bir xil taqsimlanmagan, qaysisidir uzun, boshqasi qisqa. Yuklamalar esa deyarli bir xil. Agar shu chorakliklar to‘g‘ri taqsimlansa, ta’tillar vaqtini qayta ko‘rib chiqish mumkin bo‘lardi. Har ishda bolalarning charchashini ro‘kach qilish noto‘g‘ri. Aksincha, ular ham yozgi ta’til vaqtida zerikib qolishyapti. Shahar hududida yashovchi o‘quvchilar vaqtini repetitor, sport mashg‘ulotlariga qatnab o‘tkazar, ammo qishloqlarda vaziyat og‘irroq. Ular 3 oyda maktabdan ham, o‘qishdan ham uzoqlashib ketishadi.
Yozgi ta’til bolaning ziyoniga ishlamasligi kerak
Feruza G‘afurova va boshqa tajribali pedagoglardan yozgi ta’tilning bolalar bilimiga ta’siri haqida ham so‘radik. Ba’zilar bu vaqt o‘quvchining aqliy dam olishi uchun zarur desa, boshqalar bolalarga hordiq chiqarish uchun bir oy ham yetadi, degan fikrda. Bu birxillikdan zerikkan yoshlarni chalg‘itish hisobiga amalga oshiriladi. Buning uchun esa 3 oy maktabdan voz kechish shart emas, nazarimizda. Tasavvur qiling, olimpiadaga borishi kerak bo‘lgan sportchi musobaqadan oldin uch oy mashg‘ulotlarga qatnashmay, dam olsa, g‘alaba qozona oladimi? Albatta, muntazam o‘z ustida ishlagan sportchi g‘olib bo‘ladi. Maktabni bitirib, qator nufuzli xorijiy oliygohlarga o‘qishga kirgan yoshlarimiz ham shunday. Ular yozgi ta’tilda ham o‘qimoqda. Harakatda barakat, deb bejiz aytishmagan, axir.
- Men yozgi ta’tilni o‘z ustimizda ko‘proq ishlash uchun berilgan vaqt, deb bilaman, - deydi Urgut tumanidagi 54-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Sunnatilla Erkinov. - Uch oy vaqt ichida biror xorijiy tilni o‘rganish yoki maktabda olingan bilimlarni mustahkamlash mumkin. Yosh bo‘lsak, charchash haqida gapirish bizga yarashmaydi. Misol uchun, men har yozda repetitorga qatnayman. Hozir ham ingliz tili hamda matematikadan qo‘shimcha darslarim bor.
Ma’lumot uchun, urgutlik oddiy bu o‘quvchi joriy yil 12 ta nufuzli xalqaro universitetga muddatidan oldin o‘qishga kirdi. Ulardagi jami grant miqdori 1 million 70 ming dollarni tashkil etadi. Xo‘sh, natija yomon emas-a.
Xullas, gap aylanib yana yozgi ta’til vaqtini maqsadli tashkil etish masalasiga kelib to‘xtamoqda. To‘g‘ri, barcha ota-onalar ham farzandini repetitorga berish uchun mablag‘ ajrata olmaydi. Shunday ekan, yozgi oromgohlar kam, borlari ham talabga javob bermayotgan bir vaqtda hech bo‘lmasa, maktablarning eshiklari ochiq turishi kerak. Toki, bilimlar maskani direktor yoki “zavuch”larning qo‘riqlanadigan shaxsiy “tomorqasi” emas, balki o‘qituvchi va o‘quvchilarning ikkinchi uyi, eng sevimli manziliga aylansin.
Esimda, bolaligimizda informatika o‘qituvchimiz xonasiga ajratilgan kompyuterlarni nihoyatda avaylab, hech birimizga tegintirmasdi. Biz bu fanni kitobcha orqali o‘rgandik. Vaqt o‘tdi, texnika taraqqiy etdi. Hozir u kompyuterlar yangidek bo‘lsa-da, hech kimga kerak emas. Shu keraksiz narsalar uchun nechta avlodning savodi chala bo‘ldi? Nazarimda, bu qarash hali ham saqlanib qolgan. Maktab ko‘rgazma uchun emas, amaliy ishlar uchun xizmat qilishi kerak. Shunda unga bo‘lgan munosabat ham o‘zgaradi.
Xulosa shuki...
Birinchidan, barcha oromgohlarimiz ham talabga javob bermayapti, aksariyati nomigagina, hisobot uchun ishlamoqda. O‘qituvchilarning salomatligini tiklash tadbirlari, xususan, sanatoriy masalasi ham shunday.
Ikkinchidan, yozgi oromgohlarga jalb qilingan pedagoglar mehnatidan manfaatdor emas. Demak, mashg‘ulotlardagi sifat ham shunga yarasha bo‘lyapti.
Va, eng yomoni, bolalar yozda dam olishi kerak, degan vaj bilan o‘zimiz ularni yalqov qilib qo‘yyapmiz. Bu 3 oylik hordiq ayrim kattalarning o‘ziga kerak, nazarimizda. Zero, o‘z kasbini sevadigan, fidoyi o‘qituvchilar yo‘qotilayotgan vaqtga achinmoqda. Ular yillik ta’tilidan o‘zi istagan, zarurati bo‘lgan vaqtda yoki chorakliklar oralig‘ida, bo‘lib foydalansa, manfaatliroq bo‘ladi. Shunday qilsak, yozda maktablar ham bo‘shab qolmas edimi?
Yana bir taklif - yoshlarning yozgi ta’tilini to‘g‘ri tashkil eta olmas ekanmiz, uning bir oyini qishdagi anomal sovuqqa ko‘chiraylik. Ikki oy o‘qituvchining ta’tiliga ham, yoshlarning hordig‘iga ham yetishi aniq. Undan keyin, yozda sinfxonalarni sovutish, qishda ularni isitishdan ancha arzonga tushadi. Shusiz ham bu yilgi qishda anomal sovuq tufayli maktablarda tayinli dars o‘tilmadi. Zamon, makon va muhitga moslashaylik biz ham.
Siz nima deysiz?
Asqar BAROTOV.