Uch soatda 4261 marta o‘tirib-turib "Ginnesning rekordlar kitobi"dan o‘rin olgan nogiron

Rostovlik nogiron shaxtyor, 59 yoshli Gennadiy Misikov o‘tirib-turish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi.

Uning yangi rekordi barchani hayratga soldi. Dastlab u 32 daqiqa-yu 58 soniyada o‘tirib-turishni ming marta takrorladi.

Gap shundaki, u ishlab chiqarishda baxtsiz hodisa tufayli bir oyog‘ini to‘rt joyidan sindirib olgan. Olti marta operatsiyadan keyin uzoq vaqt yurishdan mahrum bo‘lgan Gennadiyga vrachlar xulosasi qat’iy bo‘ldi: “ Bir umr oqsoq bo‘lib qoladi”.

Darhaqiqat, u zo‘rg‘a oyog‘ini sudrab bosar, oyog‘i shishib ketib, kecha-kunduz zirqirab og‘rirdi. Lekin ruhan cho‘kmadi.

“Avvaliga shundoq asta-sekin o‘tirib-turishga kirishdim, - deydi Gennadiy. – So‘ngra 20-30 kilogramm shtanga bilan o‘tirib-tura boshladim. Shu tariqa 200-220 kilogramgacha yetkazdim. Vrachlar aqldan ozibsan, deyishdi. Lekin o‘zimni kundan-kunga yaxshi his qila boshladim. Oyog‘im og‘rimay qo‘ydi”.

Besh yildan so‘ng u oqsamay qo‘ydi. Shaxtaga ishga qaytdi. O‘tirib-turish sporti – pauelifting bo‘yicha sport ustasi bo‘ldi.

Bir kuni u Jeki Chan har bir mashg‘ulot oldidan 600 marotaba o‘tirib-turishini ko‘rdi. Bu uni birinchi rekordga ruhlantirdi. 53 yoshida Gennadiy 3 soatda 4261 marotaba o‘tirib-turib "Gennisning rekordlar kitobi"dan o‘rin oldi.

Misikov og‘riqni yengib, bunday mashg‘ulot bilan shug‘ullanishga o‘zingizni majbur qilmang, deb maslahat beradi. Bu qat’iy iroda va mashaqqatli mehnatni talab qiladi.

T.Shomurodov tayyorladi.