Uchta tumanda giyohvand moddalar oldi-sotdisi fosh etildi
DXX va IIB viloyat boshqarmalari o‘tkazgan tezkor tadbirda Kattaqo‘rg‘on tumani Qushbegi MFYda yashovchi F.R. ijaraga olgan yerdan 21 tup kannabis, 500 gr. marixuana topilib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Narpay tumani, Olti o‘g‘il mahallasida yashovchi J.N. uyida muntazam marixuana iste’mol qilish, yetishtirish va sotish bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan. U tomorqasida 99 tup kannabis yetishtirib kelayotgani va 1,7 kg. marixuanani yashirib qo‘ygani aniqlangan.
Shuningdek, Samarqand shahrida Cobalt avtomashinasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, uning yo‘lovchisi Urgut tumanida yashovchi A.Y.ning yonidan 44,33 gr. opiy va 4,97 gr. geroin topilgan. Tadbirda xaydovchining ham jinoyatga aloqasi borligi aniqlanib, qo‘lga olingan.
Yuqoridagi barcha holatlar bo‘yicha JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.