Ular bizni 100 yildan buyon «hujjatlashtirishadi»

O‘tayotgan har bir kunimiz tarix. O‘qish, ish, oila, farzandlar, uy-joy, hayotimiz tarixga aylanib, hujjatlarga muhrlanib boraveradi. Bu hujjatlarning eng ishonchli saqlovchilari, albatta, arxiv idoralaridir.  

Samarqand viloyat davlat arxivi tarixi hamda uning faoliyati, unda saqlanayotgan uch asrlik tarixni eslatuvchi hujjatlar arxivning qadimiyligini eslatib turadi. Viloyat davlat arxivi rasman 1921 yil aprel oyida tashkil etilgan va joriy yilda unga 100 yil to‘ladi.

1919 yil 5 noyabrda respub­lika markaziy ijroiya komitetining Turkistonda arxiv ishlarini tashkil etish va markazlashtirish to‘g‘risida qabul qilgan qarori asosida yagona arxiv boshqarmasi tashkil etilgan. Respublika xalq komissarlari Sovetining 1921 yil 25 yanvardagi «Viloyat arxiv fondlari to‘g‘risida»gi qarori bilan joylarda mahalliy davlat arxivlari tashkil etila boshlandi.

Viloyat davlat arxivi ham o‘z faoliyatini 1921 yil aprel oyidan boshladi. Dastlab viloyat arxivi xalq maorifi komissariyati tarkibida bo‘lgan. Respublika markaziy ijroiya qo‘mitasining 1922 yil 14 maydagi 47-sonli qarori bilan Markaziy arxiv boshqarmasi va viloyat davlat arxivi xalq maorifi komissariyati tizimidan chiqarilgan. 1924 yilda viloyat davlat arxivi byurosi, 1927 yilda Samarqand okrugi ishchi, dehqon va askarlar soveti ijroiya komiteti qoshidagi arxiv byurosi deb atala bosh­landi. 1931 yil 30 yanvardan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy arxiv boshqarmasining Samarqand bo‘limi, 1938 yil 18 noyabrdan Samarqand viloyat arxiv boshqarmasi bo‘ldi. 1940 yil 22 mayda Xalq komissarlari Ichki ishlar bo‘limi, 1944 yil Samarqand shahar davlat arxivi tashkil etildi. 1961 yil arxivlar ichki ishlar vazirligi tizimidan mehnatkashlar deputatlari viloyat kengashi ijroiya qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazilgan. 1962 yil 17 iyulda viloyatning Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Samarqand tumanlarida tumanlararo davlat arxivlari tashkil etilgan. 1962 yilda arxiv bo‘limi va Samarqand shahar davlat arxivi tugatilib, viloyat davlat arxiviga birlashtirildi. 1965 yil 25 martda xalq deputatlari viloyat Kengashi ijroiya qo‘mitasining arxiv bo‘limi tashkil etildi. 

Keyingi yillarda viloyat davlat arxivining fondlari fan, ta’lim, madaniyat sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarga oid hujjatlar hamda tarixiy-madaniy yodgorliklarni aks ettiruvchi suratlar bilan boyitilib borildi.

Bugungi kunda viloyat davlat arxivida 30 dan ortiq malakali xodim nazoratida  jami 589 672 saqlov birligidagi hujjatlar saqlanmoqda. Bundan tashqari, 84 ming saqlov birligidagi gazeta va jurnallar, 26 200 saqlov birligidagi fotosuratlar, 183 826 saqlov birligidagi kitob albomlar ham viloyat davlat arxivida saqlanmoqda. 

Vaqt o‘tgani sayin bu hujjatlarni qog‘oz holida asrash qiyinchilik tug‘diradi. Shu bois hozirda arxiv ishida hujjatlarni raqamlashtirish tizimi joriy etilmoqda. Dunyoning aksariyat yetakchi davlatlarida arxiv ishida olib borilgan ilmiy tadqiqotlarda asosiy e’tibor hujjatlarni arxiv saqlovlariga to‘liq qamrab olish va ularni saqlash, arxiv hujjatlarini raqamlashtirish, xizmat sifatini yaxshilash hamda arxivlarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. Viloyat davlat arxivida ham hujjatlarni raqamlashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2018 yilda Yaponiyadan hujjatlarni skanerlovchi maxsus qurilma olib kelindi. Bu qurilma bir necha soniyada hujjatlarni turli xil formatda skanerlaydi, zarar yetgan hujjatlardagi nuqsonlarni to‘g‘rilaydi.