Ular “Katta terror” qurboni bo‘lishgan

Samarqandda ko‘plab jadidlar avlodi vatan ozodligi, mustaqilligi yo‘lida qahramonona kurash jabhalarida qurbon bo‘lgan.

1937-1938 yillardagi “katta terror” siyosatida qatag‘on qilingan samarqandliklarni esga olib o‘tishni lozim ko‘rdik.

Zayniddin Nasriddinov 1869 yili Samarqand shahrida tug‘ilgan, sobiq volost boshqaruvchisi, ruhoniy, imomning o‘g‘li, «Milliy ittihod» a’zosi, hibsga olingan paytda “Transtorgpit”da tayyorlovchi bo‘lib ishlagan. Unga aksilinqilobiy yig‘inlarda ishtirok etgan, aksilinqilobiy ig‘vogarlik targ‘iboti olib borgan, degan ayb qo‘yilgan, 8 yil qamoq jazosiga hukm etilgan, jazo muddati 1937 yil 10 sentyabrdan hisoblangan.

Mullo Husain Saidov 1897 yili Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan, quloqqa tortilgan, «Milliy ittihod» aksilinqilobiy tashkilotining a’zosi, 1932 yili O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66- va 175-moddalari bo‘yicha 5 yil qamoqqa hukm etilgan, hibsga olingan paytda aniq mashg‘uloti bo‘lmagan. O‘zSSR IIXK Samarqand sektori 11259-sonli ish bo‘yicha Mullo Husain aksilinqilobiy, millatchi tashkilot a’zosi sifatida bosmachilik davrida 500 kishidan iborat bosmachilar to‘dasini tashkil etganlikda ayblanib, 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan, muddati 1937 yil 1 oktyabrdan hisoblangan.

Inoyat Hidoyatbekov – Tula (Inoyatilla bo‘lsa kerak – R.Sh.) O‘zSSR IIXK Samarqand sektori 11252-ishi bo‘yicha ayblangan. U 1897 yili O‘zSSR Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan, sobiq quloq, «Milliy ittihod» aksilinqilobiy tashkiloti a’zosi, hibsga olingan vaqtda novvoyxonada hisobchi bo‘lgan, bosmachilik davrida bosmachilar to‘dasini tashkil etganlikda ayblanib, 10 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, muddati 1937 yil 20 sentyabrdan hisoblangan.

Ro‘ziqul Yusupov 4670-sonli ish bo‘yicha ayblangan, 1896 yili Samarqanda shahrida tug‘ilgan, partiyasiz, o‘zbek, ikki marta sudlangan. 1918 yildan 1924 yilgacha VKP(b) a’zosi, ruhoniylik faoliyati va ma’naviy-maishiy buzuqlikda ayblangan. 1921 yildan “Milliy istiqlol” aksilinqilobiy, millatchi tashkilot a’zosi bo‘lgan, shu tashkilotning Samarqand filiali markazi rahbarligida bo‘lgan, doimiy ravishda aksilinqilobiy, taslimchilik xarakterida targ‘ibot olib borganlikda, ya’ni O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 66-moddasi bilan ayblanib, 10 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, muddati 1938 yil 10 avgustda hisoblangan.

Inoyatulla Abduxoliqov 1153-sonli ish bo‘yicha O‘zSSR Ichki ishlar xalq komisarligi Samarqand sektori tomonidan ayblangan, Kattaqo‘rg‘onda yashaydi, yirik savdogar, 1933 yili soliqni to‘lamagani uchun 3 yil qamoq jazosiga hukm etilgan. “Milliy ittihod” aksilinqilobiy millatchi tashkilot a’zosi, qamoqqa olingan vaqtda Kattaqo‘rg‘on shahrida arxivturistda ishlayotgan bo‘lgan. U bosmachilik davrida 400 kishidan iborat bosmachilar to‘dasini tashkil etgan, 1925 yili o‘zining xizmat vazifasini suiiste’mol qilib, quloq xo‘jaliklari uylarini milliylashtirish bo‘yicha mahalliy xo‘jalik arxivini yoqib yuborgan. 10 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazo muddati 1937 yil 19 sentyabrdan hisoblangan.

Abduhakim Hotamov 5766-sonli ish bo‘yicha (1883 yili tug‘ilgan, Samarqand shahridan, sobiq oqsoqol, “Sho‘roi Islom” millatchi aksilinqilobiy tashkilot a’zosi, hibsga olingan vaqtda do‘kon mudiri) 10 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, jazo muddati 1937 yil 11 sentyabrdan hisoblangan. Xaridorlar orasida ocharchilik to‘g‘risida mish-mishlar tarqatganlikda, oziq-ovqat mahsulotlarini sotishni atayin kechiktirganlikda ayblangan.

Rustambek Shamsutdinov,

tarix fanlari doktori, professor, Markaziy Osiyo fan, madaniyat va san’at akademiyasi akademigi.

(Davomi bor).