Ular Zominga boradi

Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida Respublika yosh ijodkorlari an’anaviy Zomin seminarining Samarqand va Jizzax viloyatlari hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab seminar ishtirokchilari Samarqand shahridagi markaziy istirohat bog‘ida ulug‘ shoir Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘ydi. Buyuk mutafakkir xotirlanib, uning bebaho adabiy-badiiy merosi ulug‘landi.

Shundan so‘ng seminar ishtirokchilari viloyat kutubxonasida jam bo‘ldi. Seminarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli ijodkorlar Bobur Bobomurod, Zebo Mirzayeva, Nosir Jo‘rayev, Dilorom Murodova va Mehri Abdurahmonova hamda viloyatimizdan Farmon Toshev, Toshpo‘lat Tugalov she’riyat, bolalar adabiyoti, badiiy publitsistika va tarjima, nasr yo‘nalishlari bo‘yicha shu’balarga bo‘lingan holda yoshlarning ijod namunalarini ko‘rib chiqdi.

- Nazm yo‘nalishida qatnashyapman, - deydi seminar ishtirokchisi, Kattaqo‘rg‘on pedagogika va tillarni o‘qitish fakulteti 3-bosqich talabasi Gulnoza Yusupova. – Topshirgan she’rlarimni shoira Zebo Mirzo ko‘rib, yutuqlarimni e’tirof etish bilan birga kamchiliklarimni ko‘rsatdi va o‘z tavsiyalarini berdi. Xususan, she’riyatda qaysidir taniqli shoirning ijodini sevib o‘qish asnosida unga taqlidchi bo‘lib qolmaslik, o‘z "men"ini topish, shuningdek, she’rda ichki ruhiyatni nafosat bilan ochib berish muhimligini uqtirdi. O‘zim she’rlarini sevib o‘qiydigan shoiradan tavsiyalar olganimdan faxr hissini tuydim. Ustozimning tavsiyalari kelgusi ijodiy ishlarimda albatta asqotadi.

Hakamlar hay’ati yosh ijodkorlarning an’anaviy «Zomin - 2025» tanloviga taqdim etgan ijodiy ishlarini ko‘rib chiqdi. Har bir nomzod bilan bevosita muloqot o‘tkazilib, zarur tavsiyalar berildi va mahorat darslari o‘tildi.

- She’riyat yo‘nalishidagi ishtirokchilarning ijodiy ishini ko‘rib, ularga yanada ko‘proq kitob o‘qishni tavsiya qildim, - deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Bobur Bobomurod. - Yaxshi she’r yozish uchun ijodkor bilimli bo‘lishi lozim. Ayrim ishtirokchilarning she’rlarida nafosat yetishmaydi. Ichki kechinmalarini yanada balandroq ruhda ayta olish kerak.

Hududiy saralash bosqichida 13 nafar ishtirokchining ijodiy ishlari ko‘rib chiqildi.

Ikki kunlik seminar davomida taniqli ijodkorlarning yosh kitobxonlar bilan uchrashuvi ham tashkil etildi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev ishtirok etdi.

Sulaymon Mardiyev.