“Ulfatlar”da qurtlagan go‘shtdan taom tayyorlandimi?
Kecha ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarda Samarqand shahridagi kafelardan birida qurtlagan go‘shtdan tayyorlangan taom haqida xo‘randalar tomonidan tasvirga olingan videorolik tarqaldi.
Unda mazkur holat Samarqand shahridagi “Ulfatlar” kafesida yuz berganligini qayd etilgan.
Haqiqatan ham pishirilgan go‘sht qurtlab ketganmidi? Aslida, nima bo‘lgandi?
– Bizda shu paytgacha xo‘rrandalarimiz tomonidan taomlar sifati bo‘yicha e’tiroz bildirilmagan va ushbu tasvirlar qachon, qayerda olingani noma’lum, – deydi Samarqand shahridagi “Ulfatlar” restorani ish boshqaruvchisi Sh.Ergashev. – Xodimlarimizga ham bu borada murojaat bo‘lmagan. Yana bir jihati restoranimizda bunday taom keyingi 5-6 oyda tayyorlanmagan, taomnomada mavjud emas. Tayyorlagan paytimizda ham faqat mijozlarning buyurtmasi asosida o‘sha vaqtda, sifatli pishirib berilgan. Ushbu holatni restoranimiz nomiga dog‘ tushirish uchun qasddan qilingan deb hisoblaymiz va bu haqda tegishli organlarga murojaat qildik.
19 aprel kuni Samarqand viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassislari tomonidan “Ulfatlar” restoranidagi holat o‘rganildi.
– O‘rganish davomida restoran mas’ullariga bu yerda tayyorlanayotgan taomlar va oziq-ovqat sifati bo‘yicha hech qanday e’tiroz bo‘lmagani aniqlandi, – deydi Samarqand shahar DSENM sanitariya bo‘limi mudiri Yunus Toshxo‘jayev. – Restoran oshpazlari taom tayyorlash jarayonida belgilangan tartiblarga rioya etmoqda. Sanitar tozalik bilan bog‘liq kamchiliklar bo‘yicha oshxona mutasaddilariga zarur tavsiyalarni berdik.
O‘rganish natijalari yuzasidan Samarqand viloyati davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi ma’lumotnomasida qayd etilishicha, restoranda sanitar tozalash ishlari sifatli o‘tkazilmaganligi, texnologik va sovutkich uskunalari mahsulot qoldiqlaridan to‘liq tozalanmaganligi, ish anjomlarining ishlatilishi bo‘yicha sanitariya qoida va me’yor talablarida belgilangan tartibda markerovkalanmaganligi, oshxona anjomlarini, xo‘rrandalar idish-tovoqlarini yuvish va ovqat tayyorlash bitta xonada tashkil etilgani aniqlandi va ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berilgan.
Restorandagi oziq-ovqat xom ashyo mahsulotlari va tayyorlangan taomlar sifati o‘rganib chiqilganda organoleptik sifati buzilgan, hasharotlar va zararkunandalar bilan ifloslangan mahsulotlar aniqlanmagan. Shu bilan birga mavjud xom-ashyo va tayyor mahsulotlarning sifati va xavfsizlik ko‘rsatkichlarini tekshirish uchun namunalar olingan.