Ulug‘ inson qabulida

6 noyabr - atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavallud topgan kun.

Sharof Rashidov xalqparvar, bag‘rikeng rahbar edi. Davlat ishlari bilan qanchalik band bo‘lishiga qaramay, oddiy odamlarning dardini tinglashga, muammolarini hal etishga vaqt topar edi. Bu ulug‘ insonning e’tibori va adolatparvarligidan men ham bahramand bo‘lganim o‘chmas xotira bo‘lib qolgan.

…1962 yilda kaminaga Sharof Rashidov singari ne-ne ulug‘ allomalar faoliyat ko‘rsatgan tabarruk dargoh - «Lenin yo‘li» (hozirgi «Zarafshon») gazetasida ishlash nasib etdi. 1966 yil edi. Taniqli jurnalist Ahmadjon Muxtorov bilan hammualliflikda yozgan axloq mavzuidagi «Toptalgan muhabbat» sarlavhali maqolamiz katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Maqolada tilga olingan qiz Samarqand tuman prokurorining o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan otasining qistovi bilan obkomga zir qatnab, biz, muxbirlarga chora ko‘rilishini qat’iy talab qildi. Obkomning topshirig‘i bilan masala tahririyat boshlang‘ich partiya tashkilotida ko‘rib chiqilganiga qaramay, yopiq partiya yig‘ilishlari kun tartibidan tushmay qoldi. Barcha malomat toshlari partiya a’zoligiga nomzod mening boshimga yog‘ildi. Yig‘ilishlarda ba’zi hamkasb kommunistlar meni partiya a’zoligiga qabul qilinmasligim uchun zo‘r berishib tirnoq ostidan kir qidirdilar. Oqibat shu bo‘ldiki, meni partiya a’zoligiga nomzodlikdan partiya a’zoligiga o‘tkazmaslikka qaror qilindi. Ahmadjon Muxtorovga esa partiyaviy hayfsan berildi. Menga nisbatan bunday adolatsizlik qattiq nafsoniyatimga tegdi: «Nahotki, pashshadan fil yasashga uringan bunday kimsalar inson qadr-qimmati, sha’nini shunchalik yerga urishsa, adolat oyoqosti qilishsa?»

Bu haqsizlikka chidab turolmadim. O‘zkompartiya MKning birinchi sekretari Sharof Rashidovga «Qabulingizda bo‘lishni bir yildan buyon orziqib kutaman. Besh daqiqaga qabul qilishingizni so‘rayman» degan mazmunda xat yozib, Toshkentga jo‘natdim. Uch kundan keyin uyimdagi telefon jiringladi. Go‘shakni ko‘tardim.

- Labbay!

- Assalomu alaykum, men markazkomdan Umarovman. Sharof aka xatingizni oldi, shanba kuni ertalab soat 10:00 da qabulga yetib keling…

O‘sha lahzadagi hayajonimni so‘z bilan ifoda qilolmayman. Men kabi oddiy fuqaroning arzini tinglaydigan ulug‘ inson borligidan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Shu kuniyoq kechki poyezd bilan Toshkentga yetib bordim.

…Sharof Rashidov qabulxonaga kirib kelar ekan, qabulga yozilgan qirqqa yaqin kishi hurmat yuzasidan o‘rnimizdan turib, u kishiga peshvoz chiqdik. Hamma bilan samimiy salomlashib, xonasiga kirib ketgan 50 yoshdagi bu baland bo‘yli, istarasi issiq, ko‘k kostyum-shimi o‘ziga yarashgan insonning yuzidan nur yog‘ilardi. Navbatim kelib, qabuliga kirdim. Men tanqidiy maqola tufayli boshimga tushgan mojaroni gapirib berdim.

- Bundan Usmonovning xabari bormi? – deb so‘rab qoldi Sharof Rashidov.

- Ha, obkomning birinchi sekretari Saidmahmud Usmonov qabulida bo‘lganman, lekin baribir nohaq aybdor bo‘lib qolayapman, – dedim.

Sharof Rashidov yordamchisi Umarovga yuzlandi: 

- Dolzarb mavzuda maqola yozgan muxbirlarni taqdirlash o‘rniga ularga tazyiq o‘tkazishni kim o‘ylab chiqardi ekan? Shu bugunoq obkomga qo‘ng‘iroq qilib, haq joyida qaror topishini aytib qo‘ying…

Sharof Rashidov qabulidan chiqar ekanman, yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek his qildim o‘zimni. Bu voqea 1967 yil yozida sodir bo‘lgandi. Bir yil oldin ro‘y bergan Toshkent zilzilasi oqibatlari tufayli shahar qayta qurilayotgan tig‘iz paytlar edi. Sharof Rashidovning ishi boshidan oshib-toshib yotardi. Shunday bo‘lsa-da, u kishi har haftada fuqarolarni qabul qilishni, ularning murojaatlarini qunt bilan tinglab, muammolarini ijobiy hal etishni odat tusiga kiritgandi.

Obloqul Usmonqulov,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.