Ulug‘ Umra ziyorati: Unutilmas kunlar

Ertalab odatdagidek, barvaqt uyg‘ondim. Telegram ishlaydigan birinchi qavatga tushishim bilanoq SMS-tabriklar yog‘ila boshladi. Bu kun men uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi. O‘qituvchilar bayrami kunida insoniyatning bosh muallimi, Rasul ul Akram Muhammad salallohi alayhi vassallamning qutlug‘ qabrlarini ziyorat qildik.

 Mendan payg‘ambarimizga salom aytib qo‘yishimni so‘ragan barcha kishilarning nomlarini aytib salomlarini yetkazdim. Salom aytgan va aytmagan hamma ummatlar salomat bo‘lishlarini tilab duoi xayrlar qildik. So‘ngra Masjid un Nabaviyda ibodat ila mashg‘ul bo‘ldik. Eng muhimi, payg‘ambarimizning ravzai muboraklarida asr namozini o‘qish baxtiga musharraf bo‘ldik.

Madina men ko‘rgan, bilgan shaharlarning eng go‘zali, eng chiroylisi ekan. Havosi salqin va yoqimli, hayoti osoyishta. Ko‘chalar, mashinalar ham hammasi top-toza, yaltiraydi. Shaharni go‘yoki jannatmonand dunyoning kichraytirilgan bir shakli deysiz. Har bir bino, har bir inshoot erinmasdan yuksak did va hafsala bilan qurilgani ko‘rinib turibdi. Ayniqsa, yo‘llar qurilishiga katta mehnat sarflangan.

Bu yerda jahonning barcha mamlakatlaridan kelgan, barcha tillardagi, barcha shakl-shamoyildagi insonlarni uchratasiz. Hatto, bugungi notinch zamonimizdagi bir-biri bilan ters xalqlarning vakillari ham bu yerda og‘a-ini, opa-singillardek apoq-chapoq. Garchand tillarini tushunmasalar-da, imo-ishoralar bilan bir-birlariga mehr-muhabbatlarini izhor eta biladilar. Ushbu taassurotlarning bitilishida namanganlik hamxonamiz Abduxalil akaning ham katta hissasi bo‘ldi. Agar u kishining bedorlik baxsh etuvchi uyqusi bo‘lmaganida, ehtimol, bu satrlar qog‘ozga, aniqrog‘i, telefon ekraniga tushmagan bo‘larmidi... U kishi Samarqand kooperativ (hozirgi iqtisodiyot va servis) institutida o‘qigani hamda tengdosh bo‘lganimiz bois bir-birimiz bilan chinakam oshnalashib qoldik. Abduxalil akani sho‘ro zamonida O‘rta Osiyodagi yagona oliy savdo ilm dargohida o‘qiganligi u kishining anchayin jiddiy odam ekanligidan dalolat berardi. Chunki o‘sha zamonlarda bu institutga kirishni har kim ham uddalay olmasdi.

Uhud tog‘i, xurmozor bog‘

Ikkinchi oktyabrni ertalab Uhud tog‘idagi Shahidlar mozorini ziyorat qilish bilan boshladik. Sayohatimizga yo‘lboshchilik qilayotgan ukamiz Abdulboriy bizga ko‘p ibratli voqelarni so‘zlab berdi.

Payg‘ambarimiz davrlarida bu yerda musulmonlar bilan g‘ayridinlar o‘rtasida qattiq jang bo‘lib, ko‘p islom jangchilari shahid bo‘lishgan ekan. Ajablanarlisi shundaki, mozorlar ustida hech qanaqa qimmatbaho yodgorlik yoki qabrtoshlar o‘rnatilmagan. Ana shunda men yurtdoshlarimiz tomonidan marhum va marhumalar qabri uzra tiklangan dabdabali marmar yodgorliklarni ko‘z oldimga keltirib, turli xayollarga bordim. Islom yo‘lida jonlarini tikkan shahidlar xotirasiga duoi fotihalar qilib, keyin payg‘ambarimiz yaxshi ko‘rgan mashhur xurmozor bog‘ga qarab ravona bo‘ldik.

Yo‘lda Masjid ul Qiblatayn (ikki qiblali masjid)ga ham kirib o‘tishimiz ko‘zda tutilgan edi. Ammo u yerda qayta qurish ishlari davom etayotganligi sababli borishning iloji bo‘lmadi. Ushbu masjidda namozxonlar bir muddat muqaddas shahar Quddusga yuzlanib ibodat qilishgan. Ammo payg‘ambarimizga vahiy kelgach, u kishi sajda tomonini Makkai mukarrama tomoniga burishga ko‘rsatma berganlar. Bunda bir qancha iymoni sust dindorlar islomdan yuz o‘girib, murtad bo‘lishgani haqida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Ushbu voqea muqaddas dinimiz tarixida o‘ziga xos bir sinov bo‘lgani bois masjid nomida abadiy muhrlanib qolgan.

Avtobusimiz yo‘lda davom etib, Qur’on kitobi chop etiladigan bosmaxonaga jo‘nadi. Bu shunchaki bosmaxona bo‘lmay, kitob ishlab chiqaruvchi yirik bir zavod desa ham bo‘laverar ekan. Korxonaga sayohat oxirida hammamizga bittadan muqaddas kitob hadya qilishdi. Shundan so‘ng islom tarixidagi ilk barpo etilgan ibodatgoh - "Masjid ul Qubo"ga borib, ikki rakat namoz o‘qidik. Masjidning bundoq atalishiga sabab: Qubo tepaligida joylashgani ekan. Shu yerda payg‘ambarimizning tuyalari cho‘kib, birinchi masjidga poydevor qo‘yilgan. Hozir oppoq tusdagi bu qutlug‘ go‘sha Madinaga ko‘rk bo‘lib turibdi.

Tushlikdan so‘ng Masjid un Nabaviyda ibodatimizni davom ettirdik. Shu kun qattiq charchagan ekanmiz, chuqur uyquga ketibman. Hikoyamiz qahramoni, xonadoshim Abduxalil akaning sharofati tufayli ushbu satrlar yana telefon xotirasiga kiritib qo‘yildi. Yaxshiyamki, jonsiz temirning xotirasi biz unutuvchan insonlarning esimizdan ko‘ra ming marta, million marta a’lo. Umuman, odam aqli samarasi bo‘lmish jonsiz buyumlarning ba’zi bir tomonlama insonlardan chandon o‘zib ketayotganligi ko‘ngilga chuqur xavotir paydo qiladi. Mabodo erta ular boshqa sohalarda ham odamlardan o‘zib keta boshlashsa nima bo‘larkin?! Shu o‘y-xayollar bilan yana qanday uyquga ketganimni bilmay qolibman.

Ertalab turib, nonushta qilganimizdan so‘ng odatdagi ibodatlar bilan mashg‘ul bo‘ldik. Men to chidamim yetganiga qadar, yaxshi ko‘rib qolgan joyim -Masjid un Nabaviyda qazo namozlarimni ado etdim. Bunday qulay imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik harakatida bo‘ldim.

Shu kuni peshin namozidan keyin g‘usl qilib ehromga kirdik. Soat ikkida avtobuslarga chiqib, Makkai Mukarrama sari yo‘l oldik.

Orzu sari yo‘l

Aytishim mumkinki, bu yo‘l qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, intilgan kishiga g‘oyat ravon ekan. Men hali biror joyda bunaqa tekis va chiroyli qilib qurilgan asfalt yo‘lni ko‘rmaganman. Yo‘l chetlarida ogohlantiruvchi, taqiqlovchi harakat belgilari minimal darajada kam. Aksincha, joy nomlari va biz bolalikdan qulog‘imizga o‘rnashib qolgan "Alloh Akbar", "Subhonalloh", "Alhamdulilloh" singari ilohiy so‘zlar chiroyli pannolarda bitib qo‘yilgan.

Saudiya Arabistonini tog‘lar diyori deb atash ham mumkin. Bu yerda shaharlar, qishloqlar tog‘lar ustida qurilgan, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Tog‘lar unchalik baland bo‘lmay, har joy-har joyda cho‘qqilar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Ularning rangi qora tusda bo‘lib, yonbag‘irlari giyoh bitmaydigan toshlardan iborat. Oradagi kichik-kichik notekis vodiylar ham qop-qora mayda tosh-shag‘allar bilan qoplangan. Men bu joylarni avtomatik qurilmalar Mars sayyorasidan suratga olib jo‘natayotgan manzaralarga juda-juda o‘xshatdim. Xullas, bu joylar bizning ko‘zimiz o‘rganib qolgan Yer qiyofasiga sira-sira o‘xshamaydi. Shu bois ham menga avtobusimiz go‘yo o‘zga sayyorada harakatlanayotgandek tuyuladi. Bu bilan men aynan shunday suratni yaratish fikridan yiroqman. Albatta, har bir kishi bu joylarni o‘zicha o‘zgacha kashf etishi shubhasiz.

Kechqurun soat 10 larda muqaddas Makka shahriga kirib bordik. O‘n ikki qavatli "Nokxba al Khayr" mehmonxonasining uchinchi qavatidagi 314-xonaga joylashdik. 313-xonada uchalamizning rafiqalarimizni o‘rinlashtirishdi. Mehmonxonaga o‘rinlashib olganimizdan so‘ng, avtobuslarga o‘tirib, Ka’ba sari otlandik. Yo‘lboshchimiz Abdulboriy bizga payg‘ambarimizning uylari joylashgan tomonni ko‘rsatdi. Bu joylar Makkaning eng obod go‘shalaridir. "Qur’on"da la’natlangan Abu Lahabning uyi o‘rnida esa hozir hojatxona joylashgan ekan.

Bir kuni Abu Lahab odamlarga maqtanibdi: "Men hali shunaqa musulmon bo‘layki, Muhammadning men haqimdagi ig‘vosi chipakka chiqadi". Ammo unga umri vafo qilmadi. Islomga kirishga ulgurmay, kofirligicha yorug‘ dunyoni tark etdi. U bitta narsani tan olishni istamadi, kitobda aytilgan gap Muhammadning emas, Yaratgan egamning hukmi edi. Agar u maqtanib, musulmon bo‘lishini kutmasdan, o‘sha zahotiyoq iymonga kirganida, balki taqdiri o‘zgacha bo‘larmidi?! Buyog‘i endi mening ojizona o‘y-xayollarim hosilasi. Nima bo‘lganda ham, bu voqealar tafsilotida katta hikmat bor: Odamlar, yaxshilikka o‘zgarishingizni kutmang, o‘zgarishni hoziroq boshlang, najot topasiz.

Birinchi marta Ka’ba darvozasidan kirar ekanman, dastlab men uning haybati va ulug‘vorligini his qildim. Uning atrofidan aylanish davomida Allohga hamdlar aytib gunohlarimizni kechirishini iltijo qildik. Keyin barcha bilgan odamlarim: avvalo otam, onam, bobolarim, katta onalarim, yor-birodar, piru ustozlar va shu zaminda yashab o‘tgan ulug‘ insonlar, mo‘’minu mo‘’minalar, muslimu muslimalar haqiga duoi xayrlar qildik, yorug‘ dunyodan o‘tganlarga rahmat, tiriklarga umr va salomatlik, dunyoga tinchlik, xalqlarga farovonlik tiladik.

Ka’bada Umra ziyoratining to‘rt amalini to‘liq ado etib bo‘lgach, 4 oktyabrga o‘tib, tungi soat uchlarda mehmonxonamizga qaytdik. Hamma yangi hojilar bir-birlarini qutlug‘ ziyorat bilan tabriklashdi. Ka’bani yana ziyorat qilish niyatini ko‘nglimizga tugib, bu qutlug‘ go‘shani tark etdik.

Xudoyberdi Komilov.

(Davomi bor)