Ulug‘bek madrasasida iqtisod ilmi o‘qitilganmi?

Yaqinda Samarqand davlat universitetining 600 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro anjumanda Mirzo Ulug‘bek madrasasida islom ta’limoti bilan birga ijtimoiy gumanitar aniq va tabiiy fanlarning ham o‘qitilganligi haqida fikr yuritildi.

Men iqtisodchi sifatida o‘sha davrda madrasada iqtisodiy bilimlar bo‘yicha dars o‘tilganligi bilan qiziqdim va tarixiy manbalarni o‘rgandim.

  Hozirgi kunda bizda ommalashgan marketing, menejment, iqtisodiyot kabi ijtimoiy-gumanitar fanlar u davrda boshqacha nomlar bilan madrasada o‘tilgan.  Samarqanddan Yevropa va Osiyoni bog‘lab turuvchi eng qisqa, kam xarajatli Buyuk Ipak yo‘li shu bilimlarga asoslanib tanlangan. Tijoratchilardan daromad olish maqsadida shahar atrofida karvonsaroylar qurilib, ularning shaharda bir muddat qolishi, dam olishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, xavfsizligi ta’minlangan.

“Temur tuzuklari”da 1342-1405 yillardagi Movarounnahrning ijtimoiy-siyosiy ahvoli Temur va temuriylar davlati, qo‘shni, chet el mamlakatlari bilan munosabatlari aks ettirilgan. Unda davlat xazinasi 12 ta toifadan iboratligi, toifaga qarab oylik maoshlarining tabaqalanishi, soliq va jarimalar, xazinaning kirim chiqimlari, lalmi yerlardagi soliq yengilliklarining qo‘llanishi bu sohada ishlaganlarning iqtisodiy bilimga egaligidan dalolat beradi.

Mirzo Ulug‘bekning davlat boshqaruvi nafaqat ilmu fan, ma’rifat sohasiga, balki “Temur tuzuklari” kabi iqtisodiy bilimlarga asoslangan.

Mirzo Ulug‘bek asos solgan madrasa faoliyatini hozirda Samarqand davlat universiteti davom ettirayotganini ko‘rib turibmiz.

 Hozirda universitetning 18 fakultetida 1000 dan ziyod pedagog-o‘qituvchi 18 mingdan ortiq talabaga mutaxassislik yo‘nalishida saboq bermoqda. Qolaversa, oliygohda raqamli iqtisodiyot fakulteti, raqamli iqtisodiyot, inson resurslarini boshqarish va tarmoqlar iqtisodiyoti kafedralari tashkil qilindi. Raqamli iqtisodiyot fakultetida 5 ta professor, 11 ta dotsent, PhD diplomi sovrindorlari, jami 40 nafar o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda.

  Fakultetimiz hozirda Chexiya davlatining Praga metropoliten universiteti va Chexiya tabiiy fanlar universiteti, Ispaniyaning Granada universiteti, Hindistonning J.Neru nomidagi Dehli universiteti, Rossiyaning Vicshaya shkola ekonomiki, Perm universiteti, Qozon federal universiteti, Belarusning Minsk radiotexnika universiteti, AQShning Pensilvaniyadagi Georgean universitetlari bilan hamkorlik qilmoqda. Bizning olimlar ham xorijiy oliygohlarda o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqdalar, ma’ruzalar o‘qishmoqda.

  Raqamli iqtisodiyot fakulteti Mirzo Ulug‘bek ta’limotining vorisi sifatida universitetni flagmanga aylantirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si ishlab chiqdi. Unga muvofiq, kelgusi 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab bizda xalqaro standartlar talabiga javob bera oladigan darajada o‘quv dasturlari, o‘quv qo‘llanmalar tayyorlanadi. Maqsad - dunyoning nufuzli 500 oliy o‘quv yurtlari qatoridan joy olish.

Axtam Nizomov,

SamDU raqamli iqtisodiyot 

fakulteti dotsenti.