“Umid nihollari-2022”: Samarqand shahar jamoasiga Prezident sovg‘asi topshirildi

Samarqand shahridagi “Mo‘’jiza” amfiteatrida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Umid nihollari-2022” sport musobaqalari g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir qatnashchilarini viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov tabrikladi.

5 aprel kuni respublika bo‘ylab start berilgan mazkur musobaqada viloyatimizdan 11 sport turi bo‘yicha 540 ming nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Turnirning viloyat - final bosqichi 22-26 aprel kunlari tuman va shaharlarda bo‘lib o‘tdi va unda 509 nafar iste’dodli o‘quvchi g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Tadbirda musobaqada umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Samarqand shahar jamoasiga Prezident sovg‘asi - “Damas” avtomashinasi va o‘quvchilarning har biriga noutbuk, ikkinchi o‘rinni egallagan Ishtixon tumani sportchilariga televizor, uchinchi o‘rinni band etgan Urgut tumani yoshlariga velosiped, medal, diplom va kuboklar topshirildi. Shuningdek, ularni musobaqalarga tayyorlagan o‘qituvchi-murabbiylari sport ekipirovkalari bilan taqdirlandi.

- Bu musobaqada milliy kurash sport turi bo‘yicha 14-15 yoshlilar orasida g‘olib bo‘ldim, - deydi Samarqand shahridagi 73-umumta’lim maktabi 8-sinf o‘quvchisi Inoyatilla Ismatullayev. – Bundan tashqari, mazkur turnirda ko‘plab do‘stlar orttirdim. Jamoamiz bilan yuqori natijaga erishib, Prezident sovg‘asini qo‘lga kiritganimiz bizga shijoat bag‘ishladi va kelgusida O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempionatlariga chiqishimiz uchun umid berdi.

Tadbir katta konsert dasturi bilan yakunlandi.