"Ummon"ning "Yo‘qol" qo‘shig‘i – haqorat. Muallifning o‘zi nima deyayotganini tushunarmikan?
Gapimiz quruq bo‘lmasligi uchun guruhning "Tola" nomli qo‘shig‘ining "sirli" so‘zlariga e’tibor beraylik:
Yuzta toladan qoldi bir tola,
Qolgani bo‘ldi kul yona-yona.
Tushunmoqdamisan, yana qoldi oz?
So‘zlarimga e’tibor ber biroz.
Qoldi so‘nggi tola,
Bizni bog‘lab turgan tola.
Deyarli to‘ldi sabr,
Qara, ko‘ngillar jar yoqasida.
"Ummon"ning "Yo‘qol" deb nomlangan qo‘shig‘ini haqorat sifatida baholasa, to‘g‘riroq bo‘lardi. Faqat ma’naviyati past, dunyoqarashi sayoz kishigina ayol kishiga nisbatan shunday tahqirli so‘zlarni ayta olishi mumkin:
Yo‘qol, ko‘zlarimga ko‘rinma ortiq,
yo‘qolib qol,
Ortimdan yurma ortiq, yo‘qolib qol, qol!
Endi senga na davlat, na pul kerak,
Faqatgina sanga havoday man kerak!
Manga esa umuman kerakmassan,
Iltimos, yo‘qol! Yoqmayapsan!...
"Shahzod" guruhining (Rashid Xoliqov) "Gapir-gapir" deb nomlangan qo‘shig‘idagi so‘zlarga quloq tutib ko‘ring:
Tur, tur, tur, shu yerda tur,
Tergovlaringga javob bergani qo‘yasanmi?
Yur, yur, yur, yonimda yur,
Aybimni yuzimga bosib, eslatib turasanmi?
Gapir, gapir, gap gapir,
Tunu kun tinmasdan gapir.
Chaq, chaq, chaq, alaming ol,
Aybimni ta’na qil, gapir...
Bu nima, qanaqa she’r, qaysi tilda bitilgan? Muallifi kim? "Shoir" nima demoqchi?
Shohrux ismli qo‘shiqchining "Xato" qo‘shig‘idagi so‘zlar bundan-da ayanchli:
Madorim yo‘q shu bugunda, boru yo‘g‘u,
Mana shu yuragimda "absolyutniy bardak",
vot tak.
Kechagina berilgan bu va’dalaring,
Gapirildi "prosto tak", unutildi darrov.
Yana nima dema, har gal bitta gapingga,
Ishonib yashadimku man ahmoq!
Sani gaping mana bundoq:
Keling endi iltimos, mani kechiring,
Endi yaxshi yashaylik. Yo‘q!
Bu so‘zlarni o‘qigan kishi yoqa ushlashi tayin. Muallifning o‘zi nima deyayotganini tushunarmikan? Ruscha-o‘zbekcha so‘zlarning qorishmasidan iborat bu jumlalar qaysi qolipga to‘g‘ri keladi. O‘zbek tilini hurmat qiladigan kishi bunday so‘zlarni bitmasligi aniq.
Shu kabi bema’ni misralarni xonanda Shahlo Ahmedovaning nomi inglizcha, matni o‘zbekcha "Beybi" qo‘shig‘ida ham uchratish mumkin:
Ko‘zlarim yo‘l qarab, visolingni tilar,
Yo‘lingga boqaman, kelishingni
so‘rab sog‘inar.
Bir seni sog‘inar.
Beybi, beybi, izlaydi ko‘zlarim mani,
To‘xtamaydi hamon.
Yana beybi, beybi, hayajonda qalbim mani,
Sog‘inchlarim yomon.
Umidaxon ismli xonandaning "Kel yarashaylik" degan qo‘shig‘i matnini hatto, 4-sinf ma’lumotiga ega inson yozganiga ham ishonging kelmaydi:
Bo‘m-bo‘sh ko‘chada hech kim yo‘q,
O‘zim yurgim yo‘q, sensiz yarimman.
Mashinalar o‘tadi na parvoyim yo‘q,
Bekorchi gap-gapga toqatim yo‘q.
Qara, ahvolimga nazar sol, bir bor –
Kayfiyatim yo‘q…
Kel bittagina e’tiboringni ber,
Har bitta gapni danagidek chaqi-chaqilaylik,
Kel yarashaylik, kel yarashaylik,
Gap gaplashaylik, chaqchaqlashaylik.
Tuturuqsiz qo‘shiqlar mualliflari orasida xizmat ko‘rsatgan artistlarning borligi odamni o‘ylantiradi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ziyoda Qobulova va "Bojalar" guruhi (Jahongir Poziljonov) ijrosidagi "Yormanda" qo‘shig‘idagi bir tog‘dan, bir bog‘dan olingan misralar muhtarama san’atkorimizning ko‘p yillik samarali ijodiga soya solganday bo‘ladi. Shunday sayoz, ma’no-mazmuni yo‘q qo‘shiqlar qatoriga Shohruxxon va Munisa Rizayevaning "Sen meni keragim, borim", Shahzod Murodovning "Jingalak", Ulug‘bek Holiqovning "Goodbye" nomli qo‘shiqlarini ham kiritish mumkin.
Xo‘sh, milliy qo‘shiqchiligimiz obro‘siga putur yetkazayotgan, yoshlar ongini zaharlayotgan bunday qo‘shiqlarning kundan-kun ko‘payib ketishining sababi nimada? Kelajagimiz bo‘lgan yoshlar ma’naviyatiga tahdid solayotgan bu illatga qarshi qanday kurashmoq lozim?
Bizningcha, bu borada ahvolni yaxshilash uchun milliy qo‘shiqchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qilish lozim. Qarorda har bir qo‘shiq O‘zbekiston Yozuvchilar va bastakorlar uyushmalari qoshida tashkil etiladigan badiiy kengashdan o‘tgandan keyingina omma hukmiga havola qilinishi mumkinligi qat’iy belgilab qo‘yilishi zarur.
Ma’lumki, qo‘shiq uch muallif – shoir, bastakor va xonandaning ijod mahsuli. Ularni namoyish etish, eshittirishda har uchala muallifning ismi, familiyasi qayd etilishi lozim. Bu mualliflik huquqlari buzilishining oldini olish bilan birga, mualliflarning mas’uliyatini ham oshiradi.
Shuningdek, konsert va to‘y-tomoshalarda ovoz kuchaytirish vositalaridan, fonogrammadan foydalanish tartib va me’yorlarini belgilash ham milliy qo‘shiqchiligimizni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Komil SINDOROV,
yuridik fanlari doktori,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.